Markaziy Osiyo yoshlar forumi - mintaqamiz yoshlarini birlashtiruvchi hudud

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 26-30-iyun kunlari O‘zbekistonda ilk marotaba Markaziy Osiyo yoshlar forumi o‘tkaziladi. Qardosh xalqlar yoshlarini birlashtiruvchi mazkur forumni o‘tkazishdan maqsad, Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlari bilan hamkorlikda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar va dasturlarni amalga oshirishdir.
Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi axborot xizmatining xabar berishicha, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi a’zolari, jumladan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Qozog‘istonning “Jas otan” yoshlar qanoti va “Nur otan” partiyasi, Qirg‘izistonning Davlat yoshlari, jismoniy tarbiya va sport sohasi agentligi, Tojikistonning Respublika Hukumati Yoshlar va sport qo‘mitasi hamda Turkmanistonning sport va yoshlar siyosati vazirligi va Maxtumquli nomidagi Turkmaniston yoshlar tashkiloti kengashi vakillari o‘zaro tajriba almashishadi.
Forum doirasida yoshlar hayotiga bag‘ishlangan ko‘plab mavzularda anjumanlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Jumladan, “Fan va ta’limni rivojlantirishda yoshlarning o‘rni”, “Markaziy Osiyo mintaqasidagi madaniy hamkorlik”, “Yoshlar turizmi Markaziy Osiyo taraqqiyotining asosiy omili hisoblanadi”, “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” kabi mavzularda Markaziy Osiyoning faol yoshlari o‘rtasida davra suhbatlari o‘tkaziladi.
Tantanali tadbirga tashrif buyurgan qardosh xalqlar yoshlari uchun maxsus Yoshlar simfonik orkestrining Madaniyat markazlari delegatsiyasi vakillari bilan birgalikdagi chiroqli musiqiy “3D mapping” namoyish etiladi. Markaziy Osiyo yoshlar forumi yakunida mamlakatlar o‘rtasida “Qo‘shma hamkorlik 2019-2021” memorandumini imzolash rejalashtirilmoqda. Yoshlar forumi, mintaqamiz yoshlari uchun muloqot maydoniga va mamlakatlararo munosabatlarni rivojlantirish uchun platformaga aylanishi kutilmoqda.

 

O‘zA