“Tomorqa xizmati” korxonalariga qanday foizda kreditlar ajratiladi?

Ayni paytda mazkur korxonalar 1 ming 635 mahallada istiqomat qilayotgan 1 million 234 mingdan ziyod xonadonga xizmat ko‘rsatmoqda.
Oddiy aholini tadbirkor qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar tufayli ko‘plab yurtdoshlarimizning ishbilarmon bo‘lish orzulari ushalmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda biznes faoliyatini boshlash istagidagilar tashabbusi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ishbilarmonlarga qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berilmoqda.
Xususiy tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, aholining bankka bo‘lgan ishonchini yuksaltirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishda “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki ham faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, joriy yilning 1 iyun holatiga tadbirkorlik subyektlariga 674 milliard so‘m miqdorida mikrokreditlar ajratildi. Shuningdek, tadbirkor ayollarning loyihalarini moliyalashtirishga 72 milliard so‘m kreditlar berildi. Bundan tashqari, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash uchun 315 milliard so‘mdan iste’mol, avtokredit va overdraft kreditlari ajratildi.
Eng muhimi, bank hududlarda aholiga tomorqa xizmatlari ko‘rsatishni kengaytirish maqsadida “Tomorqa xizmati” korxonalariga kreditlar ajratmoqda. Shu bois “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga turli xizmatlar ko‘rsatish, jumladan, urug‘, ko‘chat va daraxtlar ekish, issiqxonalar qurish, chorvachilik, parrandachilik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirishlari uchun Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qoshida tashkil etilgan jamg‘arma hisobidan 50 milliard so‘m miqdorida kreditlarni yillik 7-14 foiz bilan imtiyozli shartlarda ajratish ko‘zda tutilgan.
Shu kunga qadar “Agrobank” filiallari orqali hisobraqam ochgan ellikdan ziyod “Tomorqa xizmati” korxonasi 1 ming 635 mahallada istiqomat qilayotgan 1 million 234 mingdan ziyod xonadonga xizmat ko‘rsatmoqda.
“Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida ham bankda qator yumushlar bajarilmoqda. Jumladan, qarorda belgilanganidek, tijorat banklari oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng kam ish haqining 150 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘ini tavsiyanomalari asosida ajratmoqda.
“Agrobank”da ana shu maqsadlar uchun joriy yilda 146 milliard so‘m kredit ajratish rejalashtirilgan. Hozirda Andijon va Farg‘ona viloyatlarida kredit berish ishlari boshlab yuborildi.

 

O‘zA