Yangi tanlov – “Faol tadbirkor – ijodkor nigohida”

Zamonamiz qahramonining qiyofasi qanday yaratiladi?

Siz o‘zingizni eng faol tadbirkor deb hisoblaysizmi? Unda yaqin kunlarda korxonangizga shoir, yozuvchilar va jurnalistlar borsa, hayron bo‘lmang.

Sababi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan hamkorlikda e’lon qilingan “FAOL TADBIRKOR – IJODKOR NIGOHIDA” Respublika ijodiy tanlovi doirasida ijod ahli uchun mediatur o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Darhaqiqat, yurtimizning cheka-chekka qishloqlarida zamonaviy zavod va fabrikalar bunyod etilmoqda. Ishlab chiqarish hajmi ortib, mahsulotlarimiz turli davlatlarga eksport qilinmoqda. Bugun biror bir davlat yo‘qki, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulot haqida bilmasa.

Albatta, erishilayotgan bu yutuqlarda tadbirkor va fermerlarning o‘ziga xos o‘rni bor. Yurtimizning bugungi qiyofasini yaratuvchilari sanalgan, zamonamiz qahramonlari bo‘lmish tadbirkor va fermerlarni qiyofasini badiiy obrazlarda, publitsistikada, qolaversa, video va audio loyihalar orqali gavdalantirish nafaqat jamiyatda ularga nisbatan ijodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga, balki yosh avlodda ushbu sohaga bo‘lgan qiziqish, intilishni oshirishga xizmat qiladi.

Tanlov shartlari “Eng yaxshi badiiy asar”, “Eng yaxshi publitsistik maqola”,“Eng yaxshi videorolik” yo‘nalishlarida bo‘lib, har bir yo‘nalishda l-, 2-, 3-o‘rin g‘olib va sovrindorlari aniqlanadi hamda ularga diplom va pul mukofotlari topshiriladi. Misol uchun, 1-o‘rin g‘olibi eng kam ish haqining 100 baravari, 2-o‘rin 50 baravari va 3-o‘rin g‘olibi 25 baravari miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, “Yosh tadbirkor obrazini yaratgan eng yaxshi asar uchun”, “Zamonaviy tadbirkor ayol obrazini yaratgan eng yaxshi asar uchun” nominatsiyalari bo‘yicha rag‘batlantiruvchi mukofotlar ta’sis etilgan.

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yig‘ilishda tanlov shartlari yana bir bor takrorlandi.

 

O‘zA