O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etilganligining 1 yilligi munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamizda faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlar rahbarlari, do‘stlik jamiyati a’zolari, turli vazirlik va idoralar vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Qo‘mita raisi R.Qurbonov va boshqalar davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri millatlararo do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlash, mamlakatimiz fuqarolari uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratishdan iborat ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq turli millat va elat vakillari ahil-inoq istiqomat qilmoqda. Prezidentimizning 2017 yil 19 maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tashkil etilgan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi respublikamizdagi 138 milliy madaniy markaz, 34 do‘stlik jamiyati faoliyatini muvofiqlashtirib, yurtimizdagi barcha millatlar va elatlarning tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlarini asrash va har tomonlama rivojlantirish asosida jamiyat va davlatni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Matbuot anjumanida o‘tgan vaqt oralig‘ida qo‘mita tomonidan olib borilgan ishlar va galdagi vazifalar haqida ma’lumot berildi. Bugun qo‘mita “Xalq diplomatiyasi” mexanizmidan foydalangan holda, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, chet eldagi hamyurtlar bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish borasida tizimli ishlar olib bormoqda. O‘tgan vaqt davomida qo‘mita tomonidan milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari bilan birga olti yuzga yaqin tadbirlar o‘tkazildi.
Milliy madaniy markazlar jamoat birlashmasi sifatida turli millatlarning o‘ziga xos madaniyatini rivojlantirish va targ‘ib qilish bilan birga, yoshlar o‘rtasida tarbiyaviy ishlarni ham olib bormoqda. Navqiron avlod qalbida turli xalqlarning madaniyati va urf-odatiga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda.
Anjumanda qo‘mita faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bidirildi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA