Normativ-huquqiy hujjatlar talabalar e’tiborida

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini oliy ta’lim muassasalari jamoasiga yetkazish va targ‘ib qilish masalalari” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Prezidentimizning 2018-yil 5-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Adliya vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi hamda psixologlar ishtirok etdi.
Konferensiyada talaba-yoshlar o‘rtasida normativ-huquqiy hujjatlarni keng targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi. Bu boradagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda malakali mutaxassislarni jalb etish lozimligi xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
– Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini tubdan takomillashtirish, yoshlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash zarur, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti dotsenti B.Boboyorov. – Tadbirda yoshlarga normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini o‘z vaqtida yetkazish va samarali targ‘ib qilish, “Axborot va murabbiylik soati”ni mazmunli o‘tkazishning ilg‘or usullarini joriy etish yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Konferensiyada joriy o‘quv yilini yakunlash va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlarini samarali olib borilishda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

 

A.Musayev, O‘zA