O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-avgust kuni Toshkentda ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan ishlarning ahvoli, muammolar va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari rahbarlari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning Davlat maslahatchilari, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, videoselektor orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, ularning yoshlar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, jamoat tashkilotlari, ichki ishlar organlarining tarkibiy bo‘linmalari mutasaddilari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan ishlarning ahvoli, muammolar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Aholining tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalalari Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatida eng muhim va ustuvor o‘rin egallaydi. Darhaqiqat, bu masala bugun yurtimizda barcha ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashning eng asosiy sharti va garovidir. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar tizimini tubdan isloh qilish, uning faoliyati samaradorligini zamonaviy bosqichga ko‘tarishdek g‘oyat murakkab vazifa doimiy ravishda kun tartibiga qo‘yib kelinmoqda.

O‘tgan qisqa davr mobaynida, ayniqsa, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida yangi ish uslublari joriy etildi va bu sohada yaxlit huquqiy tizim yaratildi.

Profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida joylarda turli bo‘g‘indagi hokimlar va shahar ichki ishlar bo‘limlari rahbarlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlari joriy etildi.

Bu sohada parlament va jamoatchilik nazorati kuchaytirildi. Senat va mahalliy Kengashlarda mas’ul shaxslarning hisobotlarini tanqidiy muhokama qilish, ular faoliyatini baholash bo‘yicha yangi tizim yaratildi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyalari tashkil etildi.

Eng muhimi, har payshanba “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” etib belgilanib, haftaning shu kunida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar qat’iy, aniq va tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Natijada jinoyatchilik kamaymoqda. Xususan, joriy yilning 7 oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyat sodir etish holatlari 4600 taga kamaydi. Jumladan, qasddan odam o‘ldirish 72 taga, qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish 75 taga, bosqinchilik 81 taga, bezorilik 401 taga kamaydi.

Eng muhimi, voyaga yetmagan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etish 12,8 foiz, ayollar jinoyatchiligi 3,84 foiz kamayishiga erishildi.

Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik institutlari bilan birgalikda olib borilgan keng qamrovli profilaktika tadbirlari natijasida 1765 ta mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Jamoat joylarida o‘rnatilgan 114 mingdan ortiq videokuzatuv moslamalaridan foydalangan holda Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida qariyb 10 mingga yaqin jinoyat fosh etildi.

Shu bilan birga, tahlillar ayrim hududlarda ishlar xo‘jako‘rsinga, faqat qog‘oz uchun bajarilayotganini, buning oqibatida vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmayotganini ko‘rsatmoqda. Hamma joyda ham profilaktik tadbirlar samaradorligi yetarli darajada ta’minlanayotgani yo‘q.

Davlatimiz rahbari Ichki ishlar vazirligi rahbariyati faqat sodir etilgan jinoyatlar va ularning ochilish darajasi haqida axborot berish bilan cheklanib qolayotganini, hududlarda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar, ularning samaradorligini tanqidiy tahlil qilish, joylarda ichki ishlar organlari faoliyatini muntazam muvofiqlashtirib borish kabi masalalarga jiddiy e’tibor bermayotganini qayd etdi.

Vazirlik tizimida yechimini kutayogan boshqa muammolar ham yo‘q emas.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ayrim hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarni barvaqt aniqlash ishlari qoniqarli emas. Masalan, respublikamiz bo‘yicha jinoyatchilik ko‘rsatkichlari kamaygan, lekin Samarqand viloyatida oshib ketgan. Buxoro, Navoiy, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida xotin-qizlar tomonidan jinoyat sodir etish holatlari ko‘paygan.

Shu bilan birga, ko‘p bor ta’kidlanganiga qaramasdan, joylarda profilaktika masalasiga yetarlicha e’tibor berilmayapti. Masalan, Samarqand viloyatida sodir etilgan 49 qotillikdan 14 tasi, Jizzax viloyatida 10 tadan 4 tasi, Navoiy viloyatida 10 tadan 3 tasi, Qashqadaryoda 30 tadan 6 tasining oldini olish uchun to‘liq imkoniyatlar mavjud bo‘lgan – mahalla faollari va profilaktika inspektorlari muayyan jinoyat ehtimolidan boxabar bo‘lsa-da, biror chora ko‘rmagan.

Bu borada yana bir muhim masala – huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish faqat ichki ishlar organining vazifasi degan eskicha qarashdan voz kechilmagani bilan bog‘liqdir. Xususan, sodir etilgan og‘ir jinoyatlarning har beshinchisiga oilaviy turmush munosabatlari sabab bo‘lgan. Vaholanki, mahallalar, xotin-qizlar qo‘mitalari oilaviy kelishmovchiliklarni o‘rganib, o‘z vaqtida bartaraf etishi mumkin edi, dedi davlatimiz rahbari.

Shu munosabat bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi rahbarlariga tegishli xulosa chiqarib, hamkorlikda oilaviy nizolar, qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va shu kabi boshqa mojarolarning tub sabablarini aniqlash, ularning yechimini topish, tomonlarni yarashtirish yuzasidan zarur choralar ko‘rish vazifasi topshirildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazish, ma’muriy nazorat yuritish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Lekin bu boradagi ishlarda ham ayrim oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Mamlakat bo‘yicha 12 mingga yaqin ma’muriy nazorat o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan shaxslardan 6377 nafariga bunday chora ko‘rilmagan. Holbuki, mana shunday chora ularning ertaga yana jinoyatchilik va huquqbuzarlik yo‘liga kirib ketmasligiga kafolat bo‘lib xizmat qiladi. Har bir sudlangan shaxsni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali ularning davlat va jamiyatga dushman emas, do‘st bo‘lishini ta’minlashimiz shart. Bunday shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor berish kerak.

Davlatimiz rahbari xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, jamiyatda, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida yot g‘oyalar tarqalishi kabi xavf-xatar va tahdidlar mutasaddi idoralar tomonidan o‘z vaqtida ularning oldini olish va chek qo‘yishga doir keskin chora-tadbirlar ko‘rishni talab etayotganini ta’kidladi.

Joylarda ko‘plab chora-tadbirlar, dasturlar qabul qilingan, biroq ularning salmoqli qismining ijrosi qog‘ozda qolib ketmoqda.

Uzoq muddat xorijda bo‘lib kelgan shaxslar bilan ish olib borishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. 2017-yilda 67 mingdan ortiq yurtdoshimiz chet eldan qaytib kelgani aniqlangan. Joylardagi rahbarlar o‘z vaqtida bunday shaxslar chet elda ish izlab sarson bo‘lishining oldini olish maqsadida ularga har tomonlama ko‘mak berishi, o‘z uyida, farzandlari bag‘rida hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratishda yaqindan yordam ko‘rsatishi lozim edi. Hozirgi kunda xorijdan qaytib kelgan ko‘plab fuqarolarimiz ishga joylashtirilmagani mutasaddi tashkilotlar tomonidan bu masalaga yetarlicha ahamiyat berilmayotganini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari voyaga yetmaganlar o‘rtasida nojo‘ya va jinoiy xatti-harakatlarning oldini olish, ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, qonunga hurmat, huquqiy madaniyatni shakllantirish ishlari sust bajarilayotganini qayd etdi.

Bu sohada hali-hanuz nazorat va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar faoliyati yagona maqsadga yo‘naltirilmagan. Bola uchun maktabda – maktab, uyda – ota-ona, mahallada – faollar javobgar, degan eskicha qarash yo‘qolmagan.

Aksariyat hududlarda uyushmagan yoshlar bilan ishlash ham rahbarlar nazoratidan chetda turibti. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Jizzax, Namangan, Andijon, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida uyushmagan yoshlar tomonidan jinoyat sodir etish ko‘rsatkichlari yuqoriligicha qolmoqda.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi va Ichki ishlar vazirligiga barcha bo‘g‘indagi hokimlar va ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, tegishli takliflar kiritish vazifasi topshirildi.

Yig‘ilishda jinoyatlarni fosh etish, jinoyatchilarni topish va ushlash borasidagi ishlar tanqid qilindi. Bugungi kunda 3 ming 186 jinoyat fosh etilmagan, qidiruv e’lon qilingan 15 ming 958 jinoyatchidan atigi 5 ming 250 nafari ushlangan. Ularning erkinlikda yurib qaytadan jinoyatga qo‘l urmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shu bois Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Oliy sud tegishli tashkilotlar bilan birgalikda bu sohada ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy tahlil qilib, axborot berishi belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, barcha kamchiliklar zamirida avvalo, ichki ishlar organlarida kadrlar tanlash, joy-joyiga qo‘yish, qayta tayyorlash bo‘yicha ishlar ahvolining qoniqarsizligi bilan bog‘liq. Joriy yilda ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan 223 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, 462 xodim intizomiy jazoga tortilgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlari sodir etgan jinoyatlarni yashirish, ro‘yxatga olmaslik holatlari kuzatilmoqda. Bu qog‘ozda jinoyat ko‘rsatkichlarini sun’iy ravishda pasaytirishga, o‘z xodimlarini himoyalashga urinishdan boshqa narsa emas.

Sohada kadrlar masalasini samarali hal qilish maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Ichki ishlar akademiyasiga o‘qishga kirish uchun test sinovlari bekor qilinib, yangi tartib belgilandi. Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalariga nomzodlarni maqsadli tayyorlaydigan akademik litseylar tashkil etiladi. 2020-yildan boshlab tinglovchilar o‘qishga mana shu litseylar bitiruvchilari va ichki ishlar organlari xodimlari orasidan suhbat va kasbiy tanlov asosida qabul qilinadi.

Ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun sharoit ham yetarli bo‘lishi kerak, albatta. Shu ma’noda, ichki ishlar organlari xodimlari, birinchi navbatda, profilaktika inspektorlariga xizmat va yashash sharoitlarini yaxshilash, ularni o‘zlari xizmat qilayotgan hududda uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilayotgani e’tiborga molik. Ammo joylarda bu boradagi topshiriqlar ijrosi sust ketyapti.

Davlatimiz rahbari tegishli mutasaddilarga bu ishlarni faollashtirish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

Qayd etilganidek, hududlarda ichki ishlar organlari faoliyatida kamchiliklar yuzaga kelib, uzoq muddat yechilmayotganida ma’lum ma’noda tuman va shahar prokurorlarining ham aybi bor. Prokuraturaning asosiy vazifalaridan biri ichki ishlar organlari qonunlarni qanday ijro etayotganini nazorat qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda ular bilan faoliyatni muvofiqlashtirishdan iborat. Lekin ayrim prokuratura xodimlari tanish-bilishchilik tufayli bu vazifani vijdonan ado etmayapti. Bir so‘z bilan aytganda, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan prokuror nazorati yetarli darajada o‘rnatilmagan.

Shu munosabat bilan Bosh prokuratura rahbariyatiga ichki ishlar organlari faoliyati ustidan samarali prokuror nazorati o‘rnatish va prokurorlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishni ta’minlash vazifasi topshirildi.

Davlatimiz rahbari ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirishda tizimni isloh qilishga keng jamoatchilikni jalb qilish muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Ichki ishlar organlarini isloh qilish jarayonida Oliy Majlis Senati yanada faollik bilan ishlashi zarur. Yig‘ilishda ko‘tarilgan kamchiliklar Senat bu sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishi lozimligini ko‘rsatmoqda.

Tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbarlarining o‘rinbosarlariga hududlarni o‘zaro taqsimlab olgan holda faoliyat ko‘rsatish vazifasi topshirilgan. Lekin joylarda taqsimlash ko‘r-ko‘rona amalga oshirilgan.

Senat bu sohadagi ishlar samarasini oshirish, ichki ishlar tizimini eng namunali sohaga aylantirish bo‘yicha tegishli vazirliklar bilan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishi lozim. Xususan, ichki ishlar vaziri va uning o‘rinbosarlari hisobotini tinglash va tegishli qarorlar qabul qilishga yanada jiddiy yondashish zarur. Quyi bo‘g‘inda esa joylardagi ichki ishlar organlari rahbarlari mahalliy xalq deputatlari Kengashlariga hisobot berishini yanada samarali tashkil etishga ko‘maklashish kerak.

Davlatimiz rahbari odamlar o‘zini qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun to‘la ishonch bilan, avvalambor, ichki ishlar idoralariga, profilaktika inspektorlariga murojaat qilishiga, har bir xodimda o‘z himoyachisini ko‘rishiga erishish zarurligini ta’kidladi. Shundagina ichki ishlar organlari xalq o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor qozonadi.

Yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura mutasaddilarining hisobotlari tinglandi.

So‘zga chiqqanlar Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari muhokamadan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olib, yig‘ilishda ko‘tarilgan va sohadagi mavjud boshqa kamchiliklarni bartaraf etish yo‘lida astoydil harakat qilishini ta’kidladilar.

 

O‘zA