Ta’lim tizimi tubdan yangilanadi, jamiyatda o‘qituvchining obro‘si oshadi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalq ta’limi tizimini tubdan o‘zgartirish, uni zamon talablariga muvofiq takomillashtirish borasida qo‘yilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov boshqargan yig‘ilishda xalq ta’limi tizimidagi o‘rganishlar natijalari tahlil etilib, Prezidentimiz sohaning hozirgi ahvolidan umuman qoniqmayotgani, tegishli topshiriqlar berilganiga qaramay sezilarli o‘zgarish bo‘lmagani tanqid ostiga olindi. Shuning uchun tizimning asosiy rahbarlari o‘z lavozimlaridan ozod etilgani qayd etildi.
Ta’lim tizimi xodimlarining turli jamoat ishlarida “dastyorga” aylantirilgani ularning ish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Davlatimiz rahbari tomonidan majburiy mehnatni taqiqlash bo‘yicha tegishli hujjatlar qabul qilinganiga qaramay, joylardagi ayrim mansabdor shaxslar hamon bu “xumor”dan voz kecha olmayotgani achchiq haqiqat.
Yig‘ilishda endilikda bunday holatlarga batamom chek qo‘yilishi, bu kabi qilmishni sodir etgan shaxslar jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazoga tortilishi mumkinligi ta’kidlandi.
O‘qituvchilarning ishlashi uchun zarur sharoitlarni ta’minlash o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, yetarli mablag‘ bilan ta’minlanmagani ularning obro‘si tushishiga olib keldi. Bu esa yaxshi kadrlar, ayniqsa, erkak muallimlarning sohani tark etishiga sabab bo‘ldi. Oqibatda ta’lim va tarbiyadagi oltin xalqaga putur yetdi.
Ta’kidlanganidek, endilikda o‘qituvchilarni munosib rag‘batlantirish, maoshini oshirish choralari ko‘riladi. Ammo bu jarayon bir kunda bo‘ladigan ish emas, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Xususan, o‘qituvchilarning zarur sharoitda ishlashi uchun maktablar infratuzilmasi yaxshilanadi, yangi maktablar bunyod etiladi. Bu o‘z navbatida, malakali kadrlar, ayniqsa, erkak o‘qituvchilarni maktabga jalb etishga yana imkon berishi shubhasiz.
O‘qituvchining asosiy vazifasi ta’lim berish. Afsuski, o‘tgan davr mobaynida bu hayotiy mantiqqa putur yetdi. Shu paytgacha ularni jamoat ishlariga majburiy jalb etishdan tashqari, tez-tez majlislarga chaqirish, turli qog‘ozlarni to‘ldirishga majburlash amaliyoti ishlab keldi. Natijada, jafokash o‘qituvchining o‘z bilim va ko‘nikmasini oshirishga, zamonaviy ta’lim tizimida joriy etilgan yangiliklardan xabardor bo‘lishga vaqti bo‘lmadi.
Bosh vazir bunday achinarli holatga Xalq ta’limi vazirligiga tayinlangan yangi rahbarlar chek qo‘yishi zarurligini ta’kidladi. Bu borada yangi vazir Sh.Shermatovga zarur topshiriqlar berildi.
Videoselektorda maktablar bevosita Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarishi, hokimlar yoki boshqa mansabdor shaxslar ta’lim tizimiga o‘z hukmini o‘tkazishiga yo‘l qo‘yilmasligi, tizim xodimlarini majlislarga chaqirish amaliyotidan voz kechilishi qayd etildi.
Ayni paytda mamlakatimiz maktablarida 6 million bola ta’lim olmoqda. Ular har jihatdan bilimli, yetuk bo‘lsagina orzuimizdagi kelajakka ega bo‘lamiz.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ta’lim tizimi infrastrukturasi zamon talablariga muvofiq tubdan o‘zgartiriladi, ta’bir joiz bo‘lsa, butunlay yangilanadi. Bu borada xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, uning o‘rinbosari vazifasini bajaruvchilar – Sarvar Boboxo‘jayev, Alisher Umarov, Otabek Nazirovlarga tegishli topshiriqlar beriladi.
Endilikda ta’lim tizimiga ajratilayotgan mablag‘larning to‘g‘ri, manzilli yetib borishi ta’minlanadi. Eng muhimi, bu mablag‘lar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqsimlanadi. Ta’lim tizimini, xususan, Xalq ta’limi vazirligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash barcha rahbarlarning muhim vazifalaridan biriga aylanadi.
Yig‘ilishda ta’limdagi eng muhim manba – darsliklardagi muammolarga ham e’tibor qaratildi. Darslik sifatli, tushunarli bo‘lib, fan jozibasini ochib berishga xizmat qilsa, bu asosiy maqsadga erishishning bosh omilidir.
Keyingi yillarda darsliklar mohiyati emas, uning mualliflariga asosiy e’tibor qaratilgan. Bunda bosh mezon “falonchining tanishi yozgan darslik” bo‘lib o‘lchangani g‘oyat achinarlidir. Vaziyat shu darajaga yetdiki, mutaxassislarni qo‘ya turaylik, hatto zukko maktab o‘quvchilari ham darsliklardan xato topa boshladi.
Qolaversa, darsliklarni 2-3 yilga bormay yangidan nashr etishga qanchadan-qancha mablag‘ sarflangan. Holbuki, aniq fanlar – matematika, fizika, kimyo kabi darsliklardagi qonuniyatlar o‘zgarmasdir. Ularni har xil yo‘sinda talqin qilib, qayta-qayta nashr etishdan maqsad ayon. Bu albatta, muallif va noshirlar manfaatiga xizmat qilgani sir emas.
Yig‘ilishda xalqaro standartlarga mos darsliklarni yaratishga e’tibor qaratildi. Bu borada zarur topshiriqlar berildi.
Mamlakatimizda maktablar infratuzilmasini zamon talablariga muvofiqlashtirish ham muhim masala bo‘lib qolmoqda.
Ta’kidlanganidek, aksariyat maktablar 2 yoki 3 qavat qilib qurilgan. Holbuki, ularni 4 yoki 5 qavat qilib qurishga hech narsa monelik qilmaydi. Aksincha, maktabda shart-sharoit yaxshilanishi, fan kabinetlari tashkil etish, ko‘proq o‘quvchilarni qamrab olish imkonini beradi. Bunday imkoniyatdan foydalanmaslik evaziga ko‘plab hududlarda bolalar uch smenada o‘qimoqda.
Yig‘ilishda “Namunaviy maktab” loyihasida, avvalo, maktab binolarining o‘quvchilar uchun har tomonlama qulay va foydali bo‘lishiga e’tibor qaratilishi zarurligi aytildi.
Maktablarning har tomonlama rivojlanishi uchun ichki imkoniyatlardan foydalanish ham maqsadga muvofiq. Bu borada poytaxtimizning Sergeli tumanidagi maktablardan biridagi ibratli tajriba tilga olindi. Gap shundaki, maktabda o‘quvchilar bog‘i yaratilgan bo‘lib, unda har bir o‘quvchining o‘z daraxti bor. O‘quvchi o‘z daraxtining o‘sishi uchun jon kuydiradi, unga vaqtida suv quyadi. Bu bola tarbiyasida muhim o‘rin tutib, unda tabiatga mehr uyg‘otishi bilan birga zimmasida mas’uliyat hissi oshishiga yordam beradi. Bog‘lardan keladigan foyda esa maktab, o‘quvchilar manfaatiga xizmat qilsa, nur ustiga a’lo nurdir.
Davlatimiz rahbari o‘qituvchining obro‘sini oshirish borasida zarur topshiriqlar berar ekan, “O‘qituvchini hurmat qilmaganni men ham hurmat qilmayman”, deb alohida ta’kidlagan edi.
Darhaqiqat, o‘qituvchi jamiyatdagi eng obro‘li kasb egasi bo‘lishi shart. Buning uchun barcha choralar ko‘riladi. Zero, jahondagi eng rivojlangan davlatlardan hisoblangan Yaponiya, Singapurda aynan shunday yondashuv tufayli ular jadal taraqqiy etgan.
Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari va tegishli tashkilotlar mas’ul xodimlariga ko‘rilgan masalalar yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA