“Tashkent-Sity”da qurilish ishlari qanday ketyapti? (+foto)

O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida yirik qurilish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Shu yil boshida poytaxtimizning qoq markazida mazkur loyiha bo‘yicha “Tashkent-Sity” shahar ichida dunyo standartlari darajasidagi har tomonlama mukammal va noyob ko‘rinishdagi binolardan tashkil topgan shaharcha bunyod bo‘lishi kutilmoqda.

Shaharcha 90 gektardan ortiq maydonda joylashgan bo‘lib, asosiy loyiha chizmalariga ko‘ra, 8 ta lot, ya’ni alohida maydonlarga bo‘lingan. Ma’lum bo‘lishicha bu yerda elit mehmonxona va ofislar uchun biznes markazlaridan tashkil topgan 6 ta baland bino, shuningdek aholi yashovchi turarjoy binolari hisoblanuvchi 20ga yaqin qurilish inshootlari mavjud bo‘ladi. Osmono‘par binolar 22dan 43 qavatgacha tashkil topishi kutilmoqda.

Aytish joizki, O‘zbekistonda bunday balandlikdagi imorat ilk marotaba aynan “Tashkent-Sity”da bunyod bo‘ladi. Qayd etish kerakki, asosiy loyiha o‘z tasdig‘ini topgan bo‘lsa-da, 8ta lotning faqatgina 1-, 5-, 7-lotlari arxitektura ko‘rinishi bo‘yicha mutaxassislar tasdig‘ini olgan. Qolganlariga yana o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. O‘zgacha ko‘rinish va qulayligi bo‘yicha har tomonlama mukammal bo‘lgan bino loyihalarida, asosan, Turkiya, Italiya kabi xorijiy hamkorlar bilan birga ish olib borilmoqda. 5-lot bosh arxitektori Erkadir O‘zdemir bilan bo‘lgan suhbatda bizga shunday dedi:

“6 oy davomida jadal ishlar olib borilayotgan mazkur loyihani avvalo tanlab olgunimizcha ancha vaqt ketdi. Bu juda murakkab masala. Zero, biz ko‘zda tutgan “Tashkent-Sity ” shaharchasidagi har bir bino o‘zining takrorlanmas, zamonaviy ko‘rinishda va har tomonlama qulay, zamon talablariga mos, innovatsion yutuqlariga ega bino bo‘lishi shart. Avvalo, qog‘ozlardagi chizmalar o‘z tasdig‘ini topgach maketlarga ko‘chirildi. Uning ham ustida ishlab bo‘lingach esa chizmalarni reallikka olib chiqish uchun qurilish ishlarini boshladik.

Shaxsan men 1997-yil O‘zbekistonga kelgan bo‘lsam, mazkur ish olib borgan loyihalarim orasidagi eng murakkabidir. Shundan bo‘lsa kerak, mas’uliyat va hayajonni sezyapman.

Birgina ana shu 5-lotdagi ish jarayonini kuzatadigan bo‘lsak, bu yerda kunduzi 730, kechki smenada 220 nafardan ziyod quruvchi ish olib borishmoqda. Quruvchilar uchun sharoitlar muhayyo etilgan. Tibbiyot punkti, 600 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona bo‘limi, omborxona maydoni, xavfsizlik qismlari ishchilar xizmatida.

Rahimjon Mahkamov, quruvchi:

– Ushbu qurilishda 6 oydan beri ishlayapmiz. Hozirda beton quyish ishlari yakunlandi. Ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Poytaxtimiz hayotida bo‘layotgan bu o‘zgarishlarda, ya’ni shunday yirik loyiha bunyodkorligida aynan men ham ishtirok etayotganimdan baxtiyorman.

Jadal sur’atlar bilan olib borilayotgan “Tashkent-Sity”ning qurilish jarayoni haqidagi yangiliklardan keyingi maqolalarimizda batafsil ma’lumot berib boramiz.

Toshkent shahar hokimligi
Axborot xizmati
 
4b6f91ba-2a89-4c3d-8090-dc2d4d95ab92.jpg
6dc34be0-e10c-4eb2-9d7a-3dc04a1c5896.jpg
675cdbde-82be-432f-9f58-0c4d4ad3640a.jpg
9082a190-19b4-443d-a21f-758f77049389.jpg
beeb5c18-280e-4731-8ad4-11b933e472f1.jpg
ce5c3505-ba5a-4163-860b-dcdf25ef53e9.jpg
eaf6f657-0876-4cb8-8a65-3d506a49e749.jpg