Prezident Shavkat Mirziyoyev ishonch bildirgan xalq ta’limi yangi vaziri Sherzod Shermatov, uning o‘rinbosari vazifasini bajaruvchilar – Sarvar Boboxo‘jayev, Alisher Umarov, Otabek Nazirovlarga zarur barcha vakolatlar beriladi.

Ta’lim tizimi – farzandlarimizning kamoli bilan bevosita bog‘liq ekanini hech kim inkor eta olmaydi. Axir bolalarimizning asosiy vaqti maktabda, ustozlaridan saboq olishga sarflanadi.

Ayni paytda maktablarda 6 million bola ta’lim olmoqda.Shuncha qorako‘zlar yurtimizning ertasi, istiqbol egalari. Ular har jihatdan bilimli, yetuk bo‘lsagina biz orzuimizdagikelajakka ega bo‘lamiz.

Shuning uchun ta’lim tizimi infrastrukturasi zamon talablariga muvofiq tubdan o‘zgartiriladi, ta’bir joiz bo‘lsa, butunlay yangilanadi. Shu maqsadda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishonch bildirgan xalq ta’limi yangi vaziri Sherzod Shermatov, uning o‘rinbosari vazifasini bajaruvchilar – Sarvar Boboxo‘jayev, Alisher Umarov, Otabek Nazirovlarga zarur barcha vakolatlar beriladi. Mazkur vazirlik – eng muhim vazirlikka aylantiriladi. Tuzilmaga har tomonlama yordam ko‘rsatiladi.

Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalq ta’limi tizimini tubdan o‘zgartirish, uni zamon talablariga muvofiq takomillashtirish borasida qo‘yilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlab Bosh vazir A.Aripov rahbarligida o‘tganvideoselektor yig‘ilishida alohida ta’kidlandi.

Xalq ta’limi tizimiga malakali mutaxassislar jalb etiladi. Shu maqsadga qaratilgan Prezident qarori qabul qilinadi.

Tizimga ajratilayotgan mablag‘larning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, manzilli yetib borishi yo‘lga qo‘yiladi. Tizimga taalluqli mablag‘lar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqsimlanadi. Sohada maqsadsiz mablag‘ sarflash bartaraf etiladi.

Ta’lim tizimini, xususan, Xalq ta’limi vazirligini har tomonlama qo‘llab qo‘llab-quvvatlash barcha rahbarlarning muhim vazifalaridan biriga aylanadi.

Videoselektor yig‘ilishi tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun saytimizni kuzatib boring. 

 

Norgul Abduraimova, O‘zA