El olqishi shoirni so‘ndirmaydi...

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Tilovbergan Jumamuratov tavalludining 103 yilligi munosabati bilan adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan fotosuratlar va kitoblar ko‘rgazmasi hamda adabiy anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchilari, xalq shoirlari, adibning shogirdlari, oila a’zolari va muxlislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov va boshqalarTilovbergan Jumamuratov ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida so‘z yuritdi.
Shoir (1915-1990) Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi Oqdaryo ovulida tug‘ilgan. Eski maktabda savodi chiqqan, To‘rtko‘ldagi o‘qituvchilar kursida o‘qib, o‘sha paytdagi O‘rta Osiyo davlat universitetini tamomlagan. 1937-1942 yillarda tug‘ilgan ovulida o‘qituvchilik qilgan. Keyinchalik turli tashkilot, tahririyat va nashriyotlarda, 1963-1983 yillarda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Ko‘rgazmada shoirning 40 dan ortiq lirik, satirik, nasriy, dramatik, publitsistik, ilmiy-ommabop asarlari hamda ijodkorning hayoti va ijodini aks ettirgan 50 ga yaqin fotosuratlar namoyish etildi.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA