Qoraqalpoq davlat universitetida turizm yo‘nalishi ochildi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 2018-2019 o‘quv yili uchun bakalavr va magistratura uchun qabul kvotasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, universitetda shu yildan boshlab turizm ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Turizm yo‘nalishi bo‘yicha jami 40 talaba, shundan 10 grant, 30 kontrakt asosida qoraqalpoq, o‘zbek, rus tili guruhlariga qabul qilinadi.

Bundan tashqari, magistraturada ham yangidan ikkita ixtisoslik ochilmoqda, ya’ni differensial tenglamalar va matematik fizika, filosofiya (qo‘llash sohasi) ixtisosliklariga hujjatlar qabul qilinadi. Shuningdek, bakalavrda kasbiy ta’lim: ekologiya ta’lim yo‘nalishi tugatilmoqda.

Joriy yilda universitetning jurnalistika yo‘nalishi uchun qabul kvotasi ikki barobarga oshirilgan, ya’ni yangi o‘quv yilidan 40 ta talaba o‘zbek va qoraqalpoq guruhlarida tahsil oladi (o‘tgan yilda 20 ta edi).

Umuman Qoraqalpoq davlat universitetida 2018-2019 o‘quv yili uchun bakalavrga 2290 talaba (o‘tgan yilda 2200 ta), magistraturaga esa 113 (o‘tgan yilda 80) talaba o‘qishga qabul qilinadi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA