Onlayn: O‘zbekiston – Ispaniya biznes-forumi boshlandi

Toshkent shahridagi “Wyndham” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Ispaniya investitsiya va eksport agentligi (ICEX) tomonidan “Ko‘p tomonlama hamkorlik” mavzuida O‘zbekiston – Ispaniya biznes-forumi o‘tkazilmoqda.
Tadbirda Ispaniya Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ignasio Ibanyesa, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Ispaniya investitsiya va eksport agentligi – ICEX bosh direktori Fransisko Xaviyer Serra, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur forumdan maqsad O‘zbekiston bilan Ispaniya o‘rtasida energetika, transport infratuzilmalari, shahar suv ta’minoti va sanitariya tizimlari, qattiq chiqindilarni boshqarish, qurilish, oziq-ovqat sanoati va injiniring xo‘jaligi kabi sohalarda ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, ispaniyalik tadbirkorlar uchun interfaol platforma yaratishdir. Mazkur platformada tomonlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishga oid takliflarni muhokama etadi.
O‘zbekiston – Ispaniya biznes-forumi birinchi marta o‘tkazilayotgani yo‘q. Toshkent shu kabi tadbirlarga bir necha bor mezbonlik qilgan. Xo‘sh, bu galgi biznes-forum qaysi jihatlari bilan oldingilardan farq qiladi?
Ikki mamlakat ishtirokidagi ushbu biznes-forumda Ispaniyaning 20 ga yaqin kompaniyasi ishtirok etmoqda. O‘zbekiston bozorida munosib joy egallashni ko‘zlagan Ispaniya kompaniyalari soni yanada ko‘paygan. E’tiborlisi, ular energetika, qishloq xo‘jaligi, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash kabi sohalarda Yevropa miqyosida yetakchilar qatorida turadi. Yana bir jihat. “Ko‘p tomonlama hamkorlik” forumining o‘tkazilishi, yaqin kelajakda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi ishtirokida rejalashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Ispaniya Qirolligi o‘rtasida iqtisodiyot va sanoat sohasidagi hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiyasining birinchi majlisini tashkil etishga tayyorgarlik vazifasini ham o‘taydi.
O‘zbekiston – Ispaniya biznes-forumi davom etmoqda.

 

Malohat Husanova, O‘zA