O‘zbek oshxonasi yapon va italyan milliy taomlarini ortda qoldirmoqda

Ma’lumotlarga qaraganda, “Halol” belgisi bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talabning oshib bormoqda. Xo‘sh, bu bozorda O‘zbekistonning o‘rni qanday? Bu savolga Jahon bankining O‘zbekistondagi konsultanti Jahongir Imomnazarov shunday javob berdi:

– O‘zbekistonning “Halol” bozoriga kirib borishiga yordam berishi mumkin bo‘lgan asosiy omil xalqning oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish sohasidagi salohiyatidir.

Misol uchun, O‘zbek qassobini ishini bir marta ko‘rgan odam hech qachon boshqaning xizmatidan foydalanmasa kerak yoki o‘zbek oshpazining oshini bir marta yegan odamda oshga muhabbat paydo bo‘lmay qolmaydi. Keyingi 15 yilda Rossiya va Qozog‘istonda o‘zbek oshxonalari (restoran/choyxonalar) eng yaxshi va eng qimmat oshxonalar qatoriga kirgani, osh, sho‘rva, somsa kabi taomlar bu yurtlar aholisining eng sevimli taomlariga aylangani bejiz emas.

Yaqinda Rossiyadagi mashhur restoranlarning rahbari bilan suhbatlashganimizda, u o‘zbek oshxonasi jahonda yetakchiga aylanib, yapon va italyan milliy taomlarini ortda qoldirayotgani, o‘zbeklar o‘n yildirki yetakchilikni hech kimga bermay kelyapti… Ba’zan “o‘lib borayotgan” restoranni choyxonaga aylantirishdek oddiy, lekin yangicha g‘oyaning o‘zi yetarli bo‘lishi, lekin oshpazlar O‘zbekistondan bo‘lishi kerakligini, e’tirof etdi.

Shunday ekan, oziq-ovqat, va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarimizning ko‘pligini inobatga olib xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish kerak. Bunda mamlakatimiz dunyo “Halol” bozoriga malakasiz va kam ish haqi oladigan qora ishchilarni emas, balki qo‘lida hunari bor, demak yaxshi ish haqi olishi mumkin bo‘lgan mutaxassislarni yetkazib beradi.

Agar kelgusida davlat tomonidan shunday mutaxassislar tayyorlaydigan va malakasini oshiradigan qisqa muddatli kurslar tashkil etilsa,bu sohada eksport imkoniyatimiz yanada oshgan bo‘lardi.

Keling, endi “Halol” bozori doirasida O‘zbekistondan yana nimalarni eksport qilishni chamalab ko‘ramiz. Bunday imkoniyat har bir sohada mavjud. Misol uchun, konservalangan oziq-ovqatlar, jumladan, bolalar uchun maxsus taomlar, murabbo, jem, pirog, keks, sharbatlarga talab yuqori. Dori-darmon sanoatiga e’tibor qaratsak, bunda ham yetarlicha, imkoniyatimiz bor. Eng avvalo, tarkibida islom dinida iste’mol qilish (foydalanish), qo‘llash ta’qiqlangan (harom qilingan) moddalar qo‘shmasdan turli dori-darmonlar ishlab chiqarishni kengaytirishimiz shart. Hatto, ana shu talablarga javob beradigan pardoz-andoz buyumlari (atir, upa, krem, tish pastalari va h…) ishlab chiqarish va eksport qilish mumkin.

Ana shunday shartlarni bajarib, tayyorlangan mahsulotni eksport qilish qulay bo‘lgan mamlakatlar bormi, degan savolga javob beradigan bo‘lsa, ular Afg‘oniston (aholisi 35 million), Markaziy Osiyo davlatlari (39 million aholi), Rossiya (20 million musulmon) va boshqalarni aytish mumkin.

Keling, Rossiya bozoriga biroz to‘xtaylik. O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri Rossiya bo‘lib, 2017 yilda mamlakatimiz eksportining 18,1 foizi shu davlatga to‘g‘ri keldi. Hozirda Rossiya aholisi 146 milliondan ortiq bo‘lib, shundan 20 millioni musulmon. Tatarlar, boshqirdlar, chechenlar, ingushlar, lezgin va boshqalar. “Halol” mahsulotlar Rossiya oziq-ovqat bozorining 10 foizini, ya’ni 35 milliard dollarni tashkil etmoqda! Agar bu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yiliga 15-17 foizdan ko‘payib borayotganligini hisobga olsak, gap bir necha o‘n milliard dollarga teng bo‘lgan ulkan imkoniyatlar bozori haqida ketayotganligini va shu bozordan o‘z ulushimizni olishga allaqachon harakat boshlashimiz kerakligini anglab olsak bo‘ladi.

Qisqasi, O‘zbekistonda “Halol” standarti joriy etilishi bu, birinchi navbatda, tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar eshigining ochilishi demakdir. Davlat birinchi qadamni qo‘ydi, endi navbat tadbirkorlarga.

 

Sayyora Shoyeva suhbatlashdi, O‘zA