Mamlakatimizda yoshlarning mustaqil o‘qib-izlanishi, erkin kasb tanlashi, o‘zi tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishi uchun barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilgan. Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tayotgan “Abituriyent – 2018” imtihonlari o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan ana shunday yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 16 avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosidan kelib chiqib, 2017 yil 1 dekabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllariga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Akademiyaning kunduzgi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat orqali test sinovlarisiz amalga oshirilishi belgilandi.
– Yoshlar taqdiri – millat taqdiri, degan tamoyil mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang bo‘y ko‘rsatmoqda, – deydi IIV Akademiyasi matbuot guruhi katta inspektori Jamshid Xolov. – Abituriyentlar uchun maxsus tanlovlar, jumladan, malakali tibbiy ko‘rik, psixofiziologik o‘rganish, yozma ish (bayon), umumjismoniy tayyorgarlik darajasi hamda chet tillarini o‘zlashtirganligini baholash bo‘yicha sinovlar tashkil etildi. Yuqoridagi sinovlardan yetarli ballarni to‘plagan abituriyentlar yakka tartibdagi yakuniy suhbatda qatnashmoqda. Aytish lozimki, sinov imtihonlarining teng huquqlilik, oshkora va shaffof tarzda o‘tkazilayotgani o‘z taqdirini Vatanimiz taqdiri, uning ertangi kuni bilan bog‘lashni maqsad qilgan yoshlar uchun katta imkoniyat yaratmoqda.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA