Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yilning 12 iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni xuquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari qatorida “O‘zbekiston Respublikasi Savdo – sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonuni ham yangi tahrirda qabul qilindi.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayoniga tadbirkorlar, amaliyotchi olimlar va jamoat tashkilotlari vakillari jalb qilindi hamda qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi.
Tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash, biznes hamjamiyati hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini barcha choralar bilan qo‘llab-quvvatlash Savdo-sanoat palatasining asosiy vazifasi etib belgilandi.
Mazkur qonunda palataning funksiyalari belgilab berildi, palataning davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi, palata faoliyatini tashkil etish, shu jumladan unga a’zolik masalalari tartibga solindi. Unda mamlaktimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun palataga a’zolik ixtiyoriy qilib belgilandi.
Qonun Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

 

O‘zA