Sayg‘oqlarni saqlab qolishda Tojikiston va Qirg‘izston tajribasi qo‘l keladimi?

Ustyurtdagi 500 ming sayg‘oqdan 2700 bosh qoldi. 
Ustyurtda so‘nggi 30 yilda sayg‘oqlarning bosh soni 99 karra kamayib ketgan. Hozirgi kunda Ustyurtda sayg‘oqlar soni atigi – 2700ta. 1980 yillar oxirida 250-270 ming bosh bo‘lgan. Bir paytlari ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra Ustyurtdagi sayg‘oqlar soni yarim milliongacha yetgan, deya xabar tarqatmoqda Kazinform.
Qozog‘istonlik ekolog Adilbek Qo‘ziboqovning ta’kidlashicha, sayg‘oqlarning butunlay yo‘q bo‘lib ketish xavfi yuqori. Hozirgi paytda qo‘llanilayotgan tabiatni muhofaza qilish mexanizmlari sayg‘oqlarning Ustyurt populyatsiyasining sonini avvalgi holatiga olib kela olmaydi. Shu sababli o‘lkaning tabiatini, sayg‘oqlarni saqlab qolish mas’uliyatini mol boquvchilar bilan ovchilarga ham yuklatish lozim.
Sayg‘oqlarni saqlab qolishda eski an’anani qo‘llash qo‘l kelishi mumkin, – deb ishonmoqda qozog‘istonlik mutaxassis. “Revolyutsiyagacha bo‘lgan davrda yaylov yerlari bo‘lgan cho‘ponlar o‘zlari yashayotgan hududda mol boqish bilan birga yovvoyi hayvonlarni ovlash bilan ham shug‘ullangan”.
Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘istonda Ustyurt sayg‘oqlarini saqlab qolish maqsadida Germaniyaning NABU tabiyatni muhofaza qilish va bioxilmaxillikni saqlash ittifoqining moliyaviy ko‘magi bilan “Sayg‘oqlarning ustyurt populyatsiyasini saqlash bo‘yicha mahalliy jamoatchilikni jalb qilish” loyihasi ish boshlagan.
Loyihani uyushtiruvchilar tog‘ echkisi, marxur, arxor, qo‘ng‘ir ayiq va qor qoploni kabi yo‘qolib borayotgan hayvonlar turlarini himoya qilishga qishloq aholisini jalb qilayotgan Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlarining tajribalariga suyanmoqda.
Tojikiston va Qirg‘izston davlatlarining chekka hududlarida istiqomat qiladigan aholisi brakonyerlarning ov qilishiga to‘siq bo‘lib kelmoqda. E’tiborlisi, bir paytlari o‘zlari brakonyer bo‘lgan qishloq aholisi endi hayvonotlar olamini tajovuzkorlardan himoya qilishga mahkam bel bog‘lagan.
Tog‘ echkilari va arxorlar soni ko‘paygan hududlarda mahalliy aholi uchun ba’zi hayvonlarni ovlashga kvota berila boshlagan. Shuningdek, bo‘linadigan kvotaning bir qismi minglab dollar va yevroga xorijiy ovchilarga taqsimlanadi. Bundan tushadigan daromad qo‘riqlash xizmatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga hamda qishloqlarning infratuzilma masalalarini hal qilishga ishlatiladi.
– Bu usul haqiqatdan ham natija berishi mumkin, – deydi “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi direktori Alpisbay Jumanazarov. – Bizning tashkilotimiz tomonidan ham Ustyurtda joylashgan Qoraqalpog‘iston, Jasliq, Qirqqiz, Qibla Ustyurt aholi istiqomat qiladigan punktlarda bu bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirilib kelinmoqda. Albatta, sayg‘oqlar bosh soni juda kamayib, inqirozga yuz tutgan hayvon. Ularni saqlash har bir fuqaroning vazifasidir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘istonda sayg‘oqlarning ikki turi mavjud: birinchisi ko‘chmanchi sayg‘oqlar. Ular Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston chegaralaridan o‘tib yuradi. Ikkinchisi, mahalliy sayg‘oqlardir. Ular doimo O‘zbekiston hududida yuradi.
9fc4e5c0-6417-4b65-9c52-7e17d5aac59c.jpg
Ko‘chmanchi sayg‘oqlarning chegaralar osha ko‘chib yurishiga sharoit yaratish maqsadida Qozog‘iston bilan chegarada 12 yarim km. joy ochib qo‘yilgan. O‘tgan yili noyabr oyida majmua buyurtma qo‘riqxonasi inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan reydda Ustyurt tekisligining Olmanbet hududida (Orol dengizi atrofi) ko‘chmanchi sayg‘oqlarning 70-80 boshi qayd qilingan. Mo‘ynoq tumanining Akbetkey, Taxtako‘pir tumani hududidagi Xitoyqazg‘an hududlarida esa mahalliy sayg‘oqlarni uchratgan.
– Sayg‘oqlar o‘ta ho‘rkak hayvondir, – deydi Alpisbay Jumanazarov. – Sayg‘oqlar yashaydigan hududga odam faktori paydo bo‘lishi yoki sivilizatsiyaning yetib borishi ularning hurkishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun, ushbu hududlarda chorvachilik fermerligini, ekoturizmni tashkil qilish, geologik qidiruv ishlarini olib borish va hokazolar faqat “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi bilan kelishilgan holda yo‘lga qo‘yilishi kerak.
Majmua buyurtma qo‘riqxonasi inspeksiya boshlig‘i Bayram Uteuliyevning ta’kidlashicha, sayg‘oqlarni yashaydigan joylariga vaqti-vaqti monitoring o‘tkazilib kelinmoqda. Noqonuniy ovdan himoya qilish maqsadida qo‘riqlanadigan hududlarga fotouskunalar qurilgan. Bizning tashkilotga ushbu ishlarimizni yanada takomillashtirish maqsadida quyosh batareyasi, dron, uzoqdan rasmga olish imkoniyatiga ega fotoapparat va boshqa uskunalar zarur.
Eslatib o‘tamiz, “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi 2016 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlari hududida joylashgan “Saygachiy” buyurtmaxonasi negizida tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida tashkil etilgan bo‘lib, mazkur majmua buyurtma qo‘riqxonasiga umumiy maydoni 628 300 gektar bo‘lgan yer uchastkasi doimiy foydalanishga ajratib berilgan, uning qo‘riqlanadigan zonasi maydoni 219 800 gektar etib belgilangan bo‘lib, unga Ustyurtning Beleuli, Churuq, Olmanbet, Jiydali, Duvona hududlari kiradi. Ko‘chmanchi sayg‘oqlar aynan ushbu hududlarda may – aprel oylarida ko‘payadi.

 

Yesimqan Qanoatov, O‘zA