O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

2018-yil 16-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon dunyosi uchun shodlik va shukronalik, xayr-saxovat ayyomi bo‘lgan qutlug‘ Ramazon hayiti munosabati bilan o‘zaro tabrik almashdilar.

Turkiya Prezidenti ushbu muborak kunlarda Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga tamal toshi qo‘yilganini yuqori baholadi va ushbu markaz ma’rifiy islomni rivojlantirish hamda buyuk ajdodlarimizning boy merosini dunyo hamjamiyatiga yetkazishda katta xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Tomonlar oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar yaxshi an’anaga aylanib borayotganini, ikki mamlakat o‘rtasida abadiy do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari kun sayin mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

Shu yilning 29-aprel – 1-may kunlari Turkiya Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan ilk tarixiy davlat tashrifi doirasidagi samarali uchrashuv va muzokaralar, o‘zaro manfaatli hamkorlikning keng yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan aniq kelishuvlar, imzolangan muhim shartnoma va bitimlar mamlakatlarimiz va xalqlarimizning ravnaqi hamda farovonligiga xizmat qilishi chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muloqot davomida ikki davlat rahbarlari savdo, investitsiya, bank-moliya, transport, turizm, infratuzilma va boshqa muhim sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

Shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Muloqot so‘nggida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, qardoshlik va bir-biriga hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlarni hamda qo‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.

 

OzA