Prezidentimiz marhum Anvar qori Tursunov xonadoniga tashrif buyurdi

Joriy yil 13-iyun kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etgan edi.

Prezidentimiz Ramazon hayiti kuni ushbu diniy ulamo xonadonida bo‘lib, oila-a’zolariga ta’ziya izhor etdi. Qur’on tilovat etilib, marhumning haqiga duo qilindi.

Anvar qori Tursunov har doim xalqning dardu tashvishi bilan yashagan, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olgan mard va fidoyi inson edi. O‘zining faqatgina pandu nasihatlari bilan emas, hayoti bilan ham odamlarga o‘rnak bo‘lgan. Barchamiz bunday ulamolarimiz bilan faxrlansak arziydi, deb esladi davlatimiz rahbari.

Anvar qori Tursunov Qo‘chqorovich 1958-yil 21-noyabrda Toshkent shahri Hamza tumanida xizmatchi oilasida tug‘ilgan.

1966-1976-yillarda Hamza tumanidagi 198-umumta’lim maktabida tahsil olgan.

1981-yil Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini, 2001-yil Toshkent islom institutini tamomlagan.

Anvar qori Tursunov ommaviy axborot vositalari orqali doimiy chiqishlari, diniy mavzudagi ma’ruzalari bilan xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan ulamo edi.

Shuningdek, Anvar qori Tursunov 1989-1992-yillarda Qur’oni karimning birinchi tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilgan.

 

Umar Asrorov, O‘zA