Prezidentimiz ruhiy kasalliklar shifoxonasini borib ko‘rdi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 15-iyun kuni Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Ushbu shifoxona 1896 yilda qurilgan. Klinikaning umumiy yer maydoni 13,6 gektar. Bu yerda kasalliklar turi, davolash usullari, bemorlar holatiga ixtisoslashgan 18 bo‘lim tashkil etilgan. Klinik-biokimyo laboratoriyasi, rentgen, UTT, ensefalografiya, ekspertiza xonalari zarur vosita va malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan. Shifoxona Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining ruhiy kasalliklar kafedralari uchun klinik baza hisoblanadi. 2015-2016 yillarda 4 yangi bino foydalanishga topshirilgan. Uzoq yillar ta’mirlash ishlari olib borilmagani uchun shifoxonadagi boshqa binolar achinarli holatga kelib qolgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili 26-iyunda Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasida bo‘lib, binolarni qurish va ta’mirlash, bemorlarning sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

kasalkhona2.jpg

O‘tgan davr mobaynida bu yerda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 60, 80, 120 o‘ringa mo‘ljallangan yangi binolar, 1400 o‘rinli oshxona binosi foydalanishga topshirildi. 30 o‘rinli kafetoriy va Maslahat bo‘limi rekonstruksiya qilinib, kapital ta’mirlandi. Toza va shinam palatalar, bemorlar bilan individual ishlash uchun xonalar tashkil etildi, zamonaviy tashxis uskunalari o‘rnatildi, hudud obodonlashtirildi. Klinikaga yaqin huddudda har biri 42 tadan xonadonga mo‘ljallangan ikkita ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Uylar ushbu klinikada xizmat qiladigan shifokorlarga imtiyozli ipoteka kreditlari asosida beriladi.

касалхона3.jpg

Bu ushbu yo‘nalishdagi katta ishlarning boshlanishi. Binolar qurildi. Endi ilm kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. Kassallikning reabilitatsiyasi va metodikasini o‘rganish kerak.

Mazkur yangi klinikani respublikamizning shu ixtisoslikdagi shifoxonalari uchun tayanch muassasaga aylantirish, ruhiy kasalliklarning oldini olish va boshlang‘ich bosqichdayoq davolash amaliyotini rivojlantirish, bu borada chet eldagi ilmiy-tibbiy muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ruhshunos mutaxassislar tayyorlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, qurilish va bunyodkorlik ishlarining ikkinchi bosqichini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA