Hududlarning iqtisodiy rivojlanishi xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 12-iyun kuni Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.

Farg‘ona viloyatini 2018-yilda rivojlantirish investitsiya dasturi doirasida 285 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugunga qadar 35 tasi yakuniga yetkazildi. Viloyatda 212 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatayotir, joriy yilning o‘tgan davrida xorijiy sarmoya ishtirokidagi 45 korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar ham aholi farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbari dastlab Quva tumanida yangi barpo etilgan “Farg‘ona anorchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi agrofirma bilan tanishdi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, bog‘dorchilikni rivojlantirish, meva-sabzavotlar eksportini oshirish borasida istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatida bugungi kunda bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, agrar soha mahsulotlari yetishtirish va eksport qilishda salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.

Bu zamin anorlari dunyoga mashhur. Ayni kunlarda anorning serhosil va iqlim sharoitiga mos yangi navlarini yaratish, anorzorlar barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Farg‘ona anorchilik” agrofirmasida amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misoldir.

Anor yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulotlarni eksport qilish va ekoturizm xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan agrofirmaning umumiy maydoni 300 gektardan oshadi. Shundan 289 gektariga 15 ga yaqin navli 272 ming tupdan ziyod anor ko‘chati ekilib, parvarishlanmoqda. Besh yuzga yaqin kishining bandligi ta’minlangan. 2025-yilgacha anorzor maydonini 2 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Anorzor to‘liq hosilga kirgach, yiliga 10 ming tonna mahsulot yetishtiriladi.

Agrofirmaga 2018-2020-yillarda investitsiya tariqasida Isroildan qadoqlash, Italiyadan mahsulot qabul qilish, yuvish va saralash uskunalari, Niderlandiyadan muzlatgich agregatlari keltirib o‘rnatish mo‘ljallanmoqda. Natijada 2 ming 400 tonna sharbat, 3 ming 600 tonna saralangan anor donachalari, 4 ming tonna qadoqlangan anor tayyorlash imkoniyati yaratiladi.

Shu yerning o‘zida viloyatda agrologistika markazi, anorzorlar tashkil etish, parrandachilik, chorvachilik, tuyachilik, baliqchilik, limon, urug‘lik kartoshka yetishtirish, asalarichilikni rivojlantirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Anor har qanday kamyob meva kabi daromad manbaidir. Bugungi kunda mamlakatimizda anorchilikni biladigan mutaxassis kam. Farg‘ona davlat universitetida anorchilikni rivojlantirish kafedrasi ochib, yangi navlar yaratish, mutaxassislar tayyorlash kerak. Shunda bu sohadan ko‘proq daromad olib, mahsulotni xorijga eksport qilish mumkin, dedi Prezidentimiz.

Marg‘ilon shahridagi “Narimteks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati va o‘ziga xos dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Korxona zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan. Bu yerda eksport hajmini oshirish borasida doimiy izlanishlar olib borilmoqda.

“Narimteks” tashkil etilgan 2008-yilda oddiy tikuv mashinalarida xotin-qizlar kiyimlari tikilardi. Mamlakatimizda tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar korxonani rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirdi. 2012-2015-yillarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqarish jarayoni modernizatsiya qilindi. Zamonaviy bichish-to‘qish, bezak berish va tikuv mashinalari keltirib o‘rnatildi. Natijada korxona palto, kurtka, kostyum, pidjak kabi mahsulotlari bilan iste’mol bozorida o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘ldi, yangi ish o‘rinlari yaratildi.

O‘tgan yili “Narimteks” 632 ming dollarlik mahsulot eksport qildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 800 ming dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, tikuvchi ayollar bilan muloqotda bo‘ldi.

– Xotin-qizlarning munosib hayot kechirishida kiyinish madaniyatining o‘rni katta. Libosi o‘ziga yoqsa, yarashsa, ayol kishining kayfiyati yaxshi bo‘ladi. Bunday chiroyli va bejirim, zamonaviy va ayni paytda milliy mentalitetimizga mos kiyimlarni kiygan xotin-qizlarning dunyoqarashi ham kengayadi. Bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun hamma sharoitni yaratib berishga tayyormiz. Chunki ayollarni hayotdan rozi qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz ichki va tashqi bozorda o‘rin topish uchun mahsulot ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, ishchi-xizmatchilarning malakasini doimiy oshirib borish zarurligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari shu yerda Farg‘ona viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari bilan tanishdi.

Viloyatda xorijiy sarmoyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilishga qaratilgan investitsiyaviy xab tashkil etilmoqda. Xorijdagi doimiy ofislar, birodarlashgan shaharlar va yurtimizdagi chet ellik ishbilarmonlar orqali bu xabga 161 million dollardan ziyod investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda. Ushbu mablag‘ni yangi korxonalar ochish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltirib, 2 ming 700 dan ortiq ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, mazkur investitsiyaviy xab viloyatdagi erkin iqtisodiy zonalar va innovatsion markazlar bilan ham ishlaydi.

Prezidentimiz bu tizimni takomillashtirish, bunday xablarni boshqa hududlarda ham tashkil etish, iqtisodiy barqaror korxonalarni ko‘paytirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Farg‘ona viloyatidagi sanoat korxonalariga investitsiya jalb etish, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish, yoshlarning innovatsion ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlashga oid loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Marg‘ilon shahrida ijodkorlar bog‘ini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosda bu yerda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Bog‘ maydoni 16,7 gektar bo‘lib, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan, gulzor va maysazorlar tashkil etilgan. Uning markazida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov haykali o‘rnatilgan.

Shavkat Mirziyoyev ijodkorlar bog‘ini borib ko‘rdi. Erkin Vohidov haykali poyiga gul qo‘ydi.

– Ushbu bog‘ yoshlar ma’naviyatini yuksaltiradigan maskanga aylanishi kerak. Bu yerga keluvchilar Erkin Vohidov she’rlaridan bahramand bo‘lib, ma’naviy olamini yanada boyitsin, – dedi davlatimiz rahbari.

Bog‘da, shuningdek, Erkin Vohidov nomidagi ijtimoiy fanlar yo‘nalishidagi iste’dodli yoshlar maktab-internati, Erkin Vohidov memorial muzeyi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi binosi, Nuroniylar maskani, turli tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan 1500 o‘rinli amfiteatr, osh markazi va boshqa infratuzilma obyektlari qurilgan. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Marg‘ilonda yangi ma’naviyat o‘chog‘i barpo etildi.

Davlatimiz rahbari memorial muzeydagi eksponatlarni ko‘zdan kechirdi. Bu maskan haqiqiy ma’naviyat o‘chog‘i bo‘lishi, bu yerga o‘quvchi va yosh ijodkorlarni ko‘proq olib kelish zarurligini ta’kidladi. Viloyatda bir yilda ikki marta Vohidovxonlik kunlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Nuroniylar maskanida mehnat faxriylari bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz Oltiariq tumanidagi “Ismoil Nozim obod” fermer xo‘jaligida bo‘lib, mazkur xo‘jalik misolida Farg‘ona viloyatida paxta va g‘alladan olinadigan hosilni ko‘paytirish va takroriy ekin ekish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar bilan tanishdi.

2006 yili tashkil etilgan mazkur xo‘jalik 60 gektarda dehqonchilik qiladi. Qishloq xo‘jaligida yaratilayotgan imkoniyatlar, fermer xo‘jaliklarini yonilg‘i-moylash materiallari, mablag‘ va mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash tizimi izchil yo‘lga qo‘yilayotgani natijasida joriy yilda 30 gektar g‘alla maydonidan 85-90 sentnerdan hosil olish mo‘ljallanmoqda. Bundan tashqari, 30 gektar yerda g‘o‘zaning “Namangan-77” navi parvarishlanmoqda.

Davlatimiz rahbari paxta dalasini, g‘alla o‘rim-yig‘imining borishini ko‘zdan kechirdi. Viloyat dehqon va fermerlari bilan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib olish, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan muloqot qildi.

Qishloq xo‘jaligi uchun murakkab kelgan joriy yilda fermerlar oldida suvdan omilkorlik bilan, tejamli foydalanish, takroriy ekin ekiladigan maydonlarni to‘g‘ri belgilash va hosildorlikni oshirish, urug‘ sifatini yaxshilash bo‘yicha dolzarb vazifalar turganini ta’kidlab, mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Oltiariq tumani Qapchig‘oy mahallasidagi “Smart kids” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini borib ko‘rdi.

Davlat-xususiy sherikchilik asosida ishga tushirilgan ushbu bog‘cha 210 o‘ringa mo‘ljallangan. Kichkintoylarni har tomonlama rivojlantiradigan o‘yinchoq va inventarlar bilan jihozlangan. Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 38 ta shunday zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda.

Shu yerda mamlakatimiz maktabgacha ta’lim tizimida tatbiq etilayotgan Integratsiyalashgan monitoring elektron tizimi taqdimoti o‘tkazildi. Bu tizimda har bir bolaning tug‘ilishidan to voyaga yetgunga qadar bo‘lgan holati, sog‘ligi, ulg‘ayishi, o‘zlashtirishi haqida ma’lumotlar jamlanadi. Shuningdek, unda tarbiyachilar, bog‘chalar, ularga ehtiyoj to‘g‘risida ham barcha axborotlar bo‘ladi.

– Bu ta’lim-tarbiya tizimining asosi, o‘ziga xos oynasi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Undagi ma’lumotlarni kuzatish, tahlil qilish orqali ta’lim-tarbiyada nimalarga e’tibor berishimiz kerakligini aniqlaymiz. Bizning farzandlarimiz eng yaxshi, zamonaviy sharoitlarga munosib.

Prezidentimiz ushbu elektron tizimni ma’lumotlar bilan to‘ldirish, uni ta’limning keyingi bosqichlarida ham qo‘llash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu kuni Oltiariq tumanida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Videoselektor shaklida o‘tgan yig‘ilishda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot sohalarini takomillashtirish, aholi bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

 

O‘zA