Maktabgacha ta’lim sohasiga yangi tizim joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oltiariq tumani Qapchig‘oy mahallasidagi “Smart kids” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

“Obod qishloq” dasturi doirasida davlat-xususiy sheriklik asosida yangidan barpo etilgan mazkur maskan 210 bolaga mo‘ljallangan. Muassasa bolalarning aqliy va jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashuvchi zamonaviy inventarlar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan jihozlangan.

Bolalar kutubxonasi, yozgi o‘yin maydonchasi, suzish havzasi, sport maydoni, 8 guruhga mo‘ljallangan yotoqxona, mashg‘ulot va musiqa zallari, ovqatlanish xonasi, ayniqsa, tarbiyaviy o‘yinchoqlar va rang-barang o‘quv qurollari kichkintoylarga bolalik gashtini surish va munosib tarbiyalanish imkonini yaratadi. Ingliz va rus tillari, mental arifmetikaning yangi innovatsion uslublar asosida o‘rgatilishi “Smart kids” faoliyatining jahon standarti talablariga mos mazmun kasb etishini anglatadi.

Prezidentimiz ushbu innovatsion bog‘chada bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 38 ta shunday zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi ishga tushgan. Joriy yilda hududda yana 9 ta ana shunday nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etish mo‘ljallangan.

MTM 02.jpg

MTM 03.jpg

Shu yerda maktabgacha ta’lim tizimida tatbiq etilayotgan Integratsiyalashgan monitoring elektron tizimi taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu tizimda bolalarning tug‘ilishidan to voyaga yetguncha bo‘lgan holati, sog‘ligi, rivojlanishi, o‘zlashtirishi haqida ma’lumotlar bazasi to‘planadi. Bunday yondashuv ta’lim-tarbiya tizimi uchun yangilik bo‘lib, farzandlarimizning bilimli, salohiyatli bo‘lib ulg‘ayishida muhim omil bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari maktabgacha ta’lim sohasidagi ma’lumotlarni kuzatish, tahlil qilish imkonini beruvchi mazkur yangi tizim ta’lim-tarbiyada kelgusi yo‘nalishlarni belgilash imkonini berishini ta’kidladi. Ushbu elektron tizimni ma’lumotlar bilan to‘ldirish, uni ta’limning keyingi bosqichlarida ham qo‘llash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

 

Matnazar Elmurodov, Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA