Prezidentimiz tashabbusi bilan Marg‘ilonda yangi ma’naviyat o‘chog‘i barpo etildi

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Marg‘ilon shahrida ijodkorlar bog‘ini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosda bu yerda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Bog‘ maydoni 16,7 gektar bo‘lib, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan, gulzor va maysazorlar tashkil etilgan.

Bog‘ markazida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning haykali o‘rnatildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijodkorlar bog‘ini borib ko‘rdi. Erkin Vohidov haykali poyiga gul qo‘ydi.

Margilon 04.jpg

– Ushbu bog‘ yoshlar ma’naviyatini yuksaltiradigan maskanga aylanishi kerak. Bu yerga keluvchilar Erkin Vohidov she’rlaridan bahramand bo‘lib, ma’naviy olamini yanada boyitsin, – dedi davlatimiz rahbari.

Bundan tashqari bog‘da Erkin Vohidov nomidagi ijtimoiy fanlar yo‘nalishidagi iste’dodli yoshlar maktab-internati, Erkin Vohidov memorial muzeyi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi binosi, Nuroniylar maskani, turli tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan 1500 o‘rinli amfiteatr, osh markazi va boshqa infratuzilma obyektlari qurildi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Marg‘ilonda yangi ma’naviyat o‘chog‘i barpo etildi.

Margilon 03.jpg

Davlatimiz rahbari memorial muzeydagi eksponatlarni ko‘zdan kechirdi. Bu maskan haqiqiy ma’naviyat o‘chog‘i bo‘lishi kerakligini, bu yerga o‘quvchi va yosh ijodkorlarni ko‘proq olib kelish zarurligini ta’kidladi. Viloyatda bir yilda ikki marta Erkin Vohidov o‘quv kunlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezidentimiz Nuroniylar maskanida mehnat faxriylari bilan suhbatlashdi.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA