Ruhing butun bo‘lsin, bolajon yoxud bolalar qo‘shiqchiligi bugun qay ahvolda?

Bolalik inson hayotining oppoq tongiga o‘xshaydi. Umrning betashvish, quvnoq bu davrini kim ham sog‘inmaydi, tushlarida ko‘rmaydi, deysiz.
Ayniqsa, murg‘ak yuragimizga muhr kabi o‘rnashib, o‘zining yorug‘ izlarini qoldirgan – bolaligimizda eshitgan va aytib yurganimiz, bola qalbimizga mos va xos qo‘shiqlar hamon xotiramiz kengliklarida nasimdek tebranib, ko‘ngilga cheksiz bir huzur baxsh etaveradi. O‘zimiz ham ulg‘ayib, tinglaydigan, eshitadigan qo‘shiqlarimiz ham garchi ancha “ulg‘aygan”, “o‘sgan” bo‘lsa-da, baribir bolalikdagi o‘sha qadrdon, jonbaxsh ohanglarni sog‘inaveramiz.
24092009478-1024x768.jpg
Bugun bog‘cha, maktab yoshidagi bolajonlarning har xil bayram tadbirlarida goh ajnabiy, goh o‘zbek tilida qo‘shiqlarni berilib kuylayotganini ko‘rsam, beixtiyor o‘sha beg‘ubor, musaffo kunlarim, bolalikdagi qo‘shiqlar yodimga tushaveradi…
Ayni bolalar qo‘shiqchiligi qanday ahvolda ekanligini bilish uchun Xudoyberdi To‘xtaboyevning Hoshimjoni kiygan sehrli shapkachani kiyib ko‘zga ko‘rinmasdan bog‘cha, maktab yoki kollejlarga borish ham shart emas. Hammasi ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layapti, farzandlarimiz biz kutmagan, biz istamagan manbalardan ma’nan “oziqlanayapti”, tezda “ulg‘ayib” qolayapti.
O‘ylab qolaman, hayotimizning gulchechaklarini ertaklar olami –ariqlarida suv o‘rniga sutlar oqadigan sehrli diyordan juda erta mosuvo qilmayapmizmi?!
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjonovaning bolalar qo‘shiqchiligi haqidagi fikrlari bizni qiziqtirdi:
– Partiyamiz mamlakatimizda musiqa ta’limining haqiqiy ahvoli, navqiron avlodni yuksak ma’naviyatli etib kamol toptirishdagi o‘rnini hisobga olib, 100 ga yaqin ta’lim muassasasida bolalar bilan ochiq muloqotlar tashkil etdi. Respublika bo‘yicha 1000 nafarga yaqin 3 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bola bilan olib borilgan muloqot ularning aksariyati bolalar musiqiy ta’limi dasturlaridan o‘rin olmagan qo‘shiqlarni eshitishi, eng avvalo, xorijiy estrada xonandalarining 30 ga yaqin qo‘shig‘ini sevib tinglashini ko‘rsatdi. Shuningdek, joylarda tanlov asosida o‘rganilgan maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari bayram dasturi tasviri tushirilgan videolavhalarda rep, pop yo‘nalishidagi va past saviyadagi “qo‘shiqlar”dan keng foydalanilishi bizni jiddiy o‘ylantirib qo‘ydi.
 
Oylar davomida kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, aksariyat umumta’lim maktablarida fortepiano bo‘lsa-da, u nosoz ahvolda. Chunki undan ashula darsi mashg‘ulotlari davomida foydalanilmaydi. Ta’lim dasturida o‘zbek xalq musiqa cholg‘ulari haqida ma’lumot bo‘lsa-da, rubob cholg‘usidan tashqari boshqa cholg‘ular taqchilligi aniqlandi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Bolajon” telekanalida “Katta tanaffus”, “Do-mi-sol”, “Shirintoylar-kichkintoylar”, “Navo” telekanalida esa “Ilhom qanotlari”, “Yulduzcha” ko‘rsatuvlari efirga uzatilsa-da, ularning hech biri qirq yildan ortiq vaqt mobaynida efirga uzatib kelingan “Bulbulcha” ashula va raqs ansambli tomonidan taqdim etilgan “Qo‘shig‘im, jon qo‘shig‘im” ko‘rsatuvi kabi ommalashmagan. Qolaversa, ayni paytda bolalar musiqiy ta’limining poydevoriga asos solgan va bolalar uchun katta ma’naviy rag‘bat bo‘lib xizmat qilgan “Bulbulcha” ansamblining chiqishlari oxirgi ikki yil mobaynida to‘xtatilgan. Hatto, 2017 yil 1 iyunda “Istiqlol” san’at saroyida ansambl namoyish etgan hisobot konserti “Bolajon” telekanali tomonidan yozib olingan bo‘lsa-da, noma’lum sabablarga ko‘ra efirga uzatilmagan.
Ayni kunda mamlakatimizda 312 ta bolalar musiqa san’at maktabi faoliyat yuritib, ularga 87 107 nafar o‘quvchi qamrab olingan. Agar umumta’lim maktablari o‘quvchilarining soni 5 248 484 nafar ekanligini hisobga olsak, bu ko‘rsatkich atigi 1,65 foizni tashkil etishini ko‘rish mumkin.
Aytib o‘tishni juda istardimki, Respublikamizda yarim asr mobaynida bolalar qo‘shiqchilik san’atini targ‘ib qilish va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etgan, mamlakatimiz madaniy-ma’rifiy hayotida professional san’atni targ‘ib etishning ta’sirchan vositasiga aylangan “Bulbulcha” bolalar ashula va raqs ansamblining bugungi holati va faoliyati o‘rganilganda, achinib ketasan kishi. Eng muhimi, jamoaning bolalar qo‘shiqlarida milliy ohang ustuvor ahamiyat kasb etib, bolalarni bag‘rikenglik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan. O‘rtacha olganda bir yilda 50 dan ziyod bolalar qo‘shig‘i o‘z sohasining yetuk ijodkorlari (O‘zbekiston bastakorlari Rustam Abdullayev, Habibullo Rahimov, Nadim Norxo‘jayev, Avaz Mansurov, shoirlar Anvar Obidjon, Raim Farhod kabi) tomonidan yaratilgan.
Ma’lumot o‘rnida: 1970 yilda tashkil etilgan hamda Markaziy Osiyoda yagona sanalgan, O‘zbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi katta bolalar xori maqomini olgan “Bulbulcha” ashula va raqs ansambli nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro nufuzga ega bo‘lgan Fransiya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Bolgariya, Belorusiya, Ukraina, Kongo, Finlandiya, Latviya, Litva, Estoniya, MDHga a’zo davlatlarda o‘zbek san’atini munosib namoyish etib, 50 ga yaqin turli darajadagi mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, jamoa 100 ga yaqin O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar, bastakorlar, “Nihol” mukofoti sovrindorlari, turli ilmiy darajadagi soha mutaxassislari, xususan, Sevara Nazarxon, Ilxom Farmonov, Dilfuza Rahimova, Anvar Sanayev, Farhod Saidov, Isroil Saidumarov, Shuhrat Zokirov, san’atshunoslik fanlari nomzodi, musiqashunos Iroda Dadajonova, iqtisod fanlari doktori Shoira Jabborova, musiqa fanlari doktori, xor dirijyori, ayni kunda AQSHda dirijyorlik faoliyatini olib borayotgan Burxon Bo‘riyev kabi taniqli ijodkorlar shu bag‘rikeng jamoada voyaga yetganlar. Bundan tashqari, “Bulbulcha” jamoasi davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari rahbar kadrlarining yangi avlodini yetishib chiqishiga ham o‘zining munosib hissasini qo‘shgan.
 
Jamoa faoliyati davomida O‘zbekiston radiosi “oltin fondi”ga kiritilgan 1000 ga yaqin bolalar qo‘shiqlari millionlab yoshlarni musiqiy savodini chiqarishga xizmat qilgan.
 
Ansamblning badiiy rahbari Shermat Yormatovning ijodiy sinchkovligi va izlanuvchanligi natijasida respublikamizda ommaviy ravishda ilk bor maktablarda musiqali-xor sinflarining tashkil qilinishiga erishildi. Musiqali-xor sinfining o‘ziga xosligi shunda ediki, unda birinchi marta akademik va o‘zbek milliy qo‘shiqchiligi an’analari mujassam etgan yangi ijrochilik yo‘nalishi shakllantirildi.
Avaz Mansurov, professor, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi prorektori, bolalar bastakori:
– Bugungi bolalar qo‘shiqchiligining rivojini, dengiz to‘lqinlariga o‘xshataman. Qirg‘oqqa kelib uriladi, va yana o‘z mayliga orqaga qaytib ketadi. Bolalar qo‘shiqchiligidagi o‘tgan yillar depsinishini to‘lqin qaytgan yillarga qiyoslash mumkin deb o‘ylayman. Endi bu borada, asosiy xatoliklar targ‘ibot tashviqot yo‘qligining natijasi. Aslida, bolalarimizni tarbiyalashga xizmat qiladigan qo‘shiqlarimiz ko‘p. Oldin ham yozilgan, hozir ham yozilayapti. Bu borada radio televideniyening ham o‘rni juda zarur! Mana shu nuqtai nazardan olib qaralsa, targ‘ibot juda ham muhim ekanligi o‘z o‘zidan ayon bo‘ladi. Ilgarilari mana shu qo‘shiqlar nota to‘plamlari qilib chiqarilardi va butun maktablarga bog‘chalarga tarqatilardi. Metodik bo‘limlar tavsiyasi bilan musiqa o‘qituvchilari o‘zlari o‘rganib, keyin bolalarga o‘rgatishardi. Hozirchi… Ochig‘i musiqa o‘qituvchisining o‘zi musiqiy ta’limga muhtoj.
Texnika asri yuksalishning qanchalik yuksak cho‘qqisiga chiqmasin, ruh evrilishlarining oldida hech narsadir, deydi atoqli yozuvchi Chingiz Aytmatov. Bolalarimizning ma’sumligida qalbiga ko‘chgan ohanglar ularning ma’nan o‘sishida, ruhan yuksalishida o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan iloji yo‘q. Bu borada esa farzandlarimizning bolalikda eshitgan, aytib yurgan qo‘shiqlari juda katta rol o‘ynaydi.
Eng muhimi, farzandlarimiz bugun aytayotgan, eshitaverib tobora shuuriga singib borayotgan bu qo‘shiqlardan o‘z ideal qahramonini yaratadi, kelajagi sari yo‘l soladi. Biz esa umrimizning mazmuni bo‘lgan farzandlarimizga dunyodagi ezgu ne’matlarning eng a’losini, olam yaralmasdan avval yaralgan so‘zlar marjonining duru gavharini, bir umr hayot yo‘llarida yo‘lchiyulduz bo‘ladigan eng hikmatli, sehrli so‘zlarni, o‘rgatishni, ayttirishni, yuqtirishni juda ham istaymiz. Lekin faqat istakning o‘zigina yetarli emasligini, har qanday barkamollik, eng avvalo, o‘zimizdan, oiladan, ota-onadan boshlanishini sira unutmasligimiz kerak.
Va bugungi kunda deyarli unutilayozgan holga kelgan bolalar qo‘shiqlari istiqboliga befarq bo‘lmagan har bir yurtdoshimizning, qolaversa, soha mutasaddi vakillarining fikr mulohazalarini bildirishidan umidvormiz.

 

Ozoda Bekmurodova, O‘zA