Qoraqalpog‘istonda suv tanqisligining oldini olish choralari ko‘rilmoqda

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda Amudaryo daryosi havzasida suv bilan ta’minlanish darajasi o‘tgan yilga nisbatan kam bo‘lishi kutilmoqda. Xo‘sh, Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilda 52 ming gektar sholi maydoni suv tanqisligi sababli qisqartirilgan. Ayni paytda 19 ming 850 gektar maydonga sholi ekish rejalashtirilgan. Qolgan 32 ming 150 gektar yerga kam suv talab qiladigan kungaboqar, mosh, kunjut kabi eksportbop ekinlar ekilayotir.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlatiladigan suv miqdorining 97,1 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Bu juda katta miqdor. Suvning 1,2 foizi kommunal xo‘jaligi, 0,3 foizi energetika, 0,1 foizi sanoat va 1,2 foizi baliqchilik sohalariga ishlatiladi.
Suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish va suv resurslaridan oqilona foydalanishni tashkil qilish yuzasidan hududda 102 gektar maydonda tomchilatib sug‘oriladigan bog‘ barpo etilgan, shuningdek, achchiq qalampir ekilgan 120 gektar maydonda egatlarga plyonka to‘shab sug‘orish, 1180 gektar maydonda ko‘chma egiluvchan quvurlar bilan sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan.
Suvdan tejamli va samarali foydalanish maqsadida joriy yilda 390 dona ko‘chma dizel nasos agregati sotib olinib, g‘alla va achchiq qalampir ekinlari sug‘orilmoqda. Tez kunlarda qo‘shimcha yana 104 dona nasos agregati keltiriladi.
Hududda mavjud 295 ming gektar sug‘oriladigan maydonlardan 87,8 ming gektarida paxta va 53 ming gektar yerda g‘alla yetishtirilmoqda. 12,6 ming gektar yerga sabzavot, 6 ming gektarga poliz, 1,8 ming gektarga kartoshka, 10,3 ming gektarga moyli ekinlar, 11,8 ming gektarga ozuqa ekinlari va 51,4 ming gektar yerga boshqa ekinlar joylashtirilib, belgilangan agrotexnik tadbirlar asosida parvarishlanmoqda.
Sug‘oriladigan maydonlarni suv bilan ta’minlash uchun 22 ming 735 kilometrlik sug‘orish tarmog‘i, 5 ming 942 dona turli gidrotexnik qurilmalardan foydalaniladi. Shuningdek, davlat hisobidagi 273 ta nasos stansiyasida 612 dona agregat va fermer xo‘jaliklari hisobida 685 dona nasos agregati mavjud.
Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini saqlash uchun 20 ming 455 kilometr uzunlikdagi kollektor tarmoqlari, 8 dona meliorativ nasos stansiyalari, 3 ming 583 ta kuzatuv qudug‘i, 909 dona gidrotexnik qurilma ishlab turibdi. Ular 378 ming 770 gektar maydonga xizmat ko‘rsatayotir.
Vegetatsiya davrida yetkazib berilgan suvdan samarali foydalanish maqsadida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA