Maxsus tergov xonalari: unda guvoh, jabrlanuvchi va gumon qilinuvchi shaxs bir-birini ko‘rmaydi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov boshqarmasida tergov jarayonlarini stenografiya qilish, videonazorat, shuningdek, tergov harakatlarini audio va video shaklida yozib olish tizimlari bilan usukunalangan majmua tashkil qilindi. Bu xaqida vazirlikning matbuot xizmati xabar bermoqda.
Majmua maxsus tergov xonasi, o‘smirlarni tergov xonasi va operator xonasidan iborat.
Bu maxsus tergov xonalari qurilishida jabrlanuvchi va guvohlarni gumon qilinayotgan shaxs bilan yuzlashtirishga amal qilinadigan xalqaro normalar hisobga olingan. Bunda gumon qilinuvchi shaxs o‘ziga ko‘rsatma berayotgan jabrlanuvchi bilan yuzma-yuz ko‘rishmaydi, balki alohida xonada o‘rnatilgan monitor orqali ularni ko‘radi. Guvoh yoki jabrlanuvchi gumon qilinayotgan shaxsni ko‘rmaydi. Sababi, jinoyatga aloqador shaxsni ko‘rgan jabrlanuvchi ruxiy zarba olishi mumkin. Bu esa tergov jarayonini og‘irlashtiradigan holatlardan hisoblanadi. Shu sababli majmuada nazorat kameralari o‘rnatilgan, tasvirni kerakli xonada monitorga yetkazish bilan operatorlar shug‘ullanadi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA