Majburiy ijro byurosi xizmati yo‘lga qo‘yilgandan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasida elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvidan jami 559 milliard so‘m, ijro hujjatlari bo‘yicha 782 milliard so‘m, 11 oy yakuniga ko‘ra, jami 1 trillion 341 milliard so‘m undirilgan.
Bu haqida Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Tadbirda majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, tuman va shahar bo‘limlari tomonidan bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar har tomonloma tahlil qilinib, tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi bo‘yicha qarzdorlikni undirish holati, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi jarayoni tanqidiy muhokama qilindi.
Sohada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rish, byuro xodimlarining tartib-intizomga rioya etishi, ularning xavfsizligini ta’minlash masalalari, berilgan topshiriqlarning so‘zsiz ijrosi bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Tadbirda byuro tizimiga ilk bor ishga qabul qilingan 39 nafar xodimning qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi. O‘z xizmat vazifasiga mas’uliyat bilan yondashayotgan fidoyi va talabchan 12 nafar xodimga bir marotaba beriladigan pul mukofoti, 20 nafar xodimga Boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomasi topshirildi.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA