Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga keldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 12-iyun kuni Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.
Farg‘ona viloyati o‘zining yer osti va yer usti boyliklari, rivojlangan sanoat va kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalar, boy mehnat resurslari bilan mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi. Farg‘ona viloyati yurtimizning rivojlangan hududlaridan biriga aylanib borayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin. Keyingi yillarda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, shahar va qishloqlari qiyofasi kun sayin o‘zgarib, obod bo‘lib bormoqda, aholi turmush farovonligi yuksalmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 3,9 foiz o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qurilish, xizmatlar ko‘rsatish sohalarida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlandi. Birinchi chorakda asosiy kapitalga kiritilgan xorijiy invstitsiyalar va kreditlarning hajmi 97,9 milliard so‘m, tashqi savdo aylanmasi esa 284 millionni tashkil etdi.
Viloyat iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. 2018 yilgi mintaqaviy investitsiya dasturi doirasida 285 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugunga qadar 35 loyiha hayotga tadbiq etildi. Viloyatda 212 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida 45 ta xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar ham aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyatda 2018 yil uchun hududiy tasarrufdagi xo‘jalik subyektlariga jami 189 million dollarlik eksport prognozi belgilangan bo‘lib, shundan 38 million dollari sanoat va 151 million dollari meva-sabzavot mahsulotlari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Xususan, joriy yilning shu kuniga qadar 49,9 million dollarlik mahsulotlar eksportga chiqarilib, 5 oylik uchun belgilangan prognoz 116,1 foizga bajarildi. Shundan eksportda sanoat mahsulotlari ulushi 14,7 million dollar, meva-sabzavot mahsulotlar 35,2 million dollarni tashkil etdi. Natijada o‘tgan yilning 5 oyligiga nisbatan hududiy eksport 1,5 martaga o‘sdi.
Farg‘onaliklar har qarich yerdan omilkorlik bilan foydalanib, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish hisobidan salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
“Obod qishloq” dasturi asosida 15 tumandagi 30 mahalla fuqarolar yig‘inida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotir.
Prezidentimiz o‘tgan galgi viloyatga tashrifi chog‘ida qurilish-bunyodkorlik ishlarini keng ko‘lamda davom ettirish, turizm, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan tegishli topshiriqlar bergan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Yangi sanoat korxonalari, tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi. Mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmi oshdi. Zamonaviy uy-joylar, infratuzilma obyektlari bunyod etildi.
Viloyatda olib borilayotgan bu kabi ishlar, belgilangan vazifalarning ijrosi va loyihalarning amaliy natijasi Prezidentimizning doimiy e’tiborida. Bu galgi tashrif davomida davlatimiz rahbarining yangi loyihalar bilan tanishishi, tadbirkor va investorlar hamda aholi vakillari bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha galdagi muhim vazifalar belgilab olinadi.

 

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA