FUTBOL: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining yangi binosining qurilishida birinchi g‘ishtni FIFA prezidenti Janni Infantino qo‘yadi...mi?

Jahon chempionati boshlanishi arafasida Futbol Assotsiatsiyamiz rahbari Osiyo va Jahon futboli tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashib, muhim masalalarni hal etishga intilmoqda.
Ayni paytda Rossiyada o‘tajak Jahon chempionati oldidan dunyo futboli amaldorlari, yulduzlari va murabbiylari Rossiya poytaxti Moskva shahrida jam bo‘lishmoqda. Bularning orasida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning ham borligi, u vaqt va imkoniyatdan foydalgan holda yurtmiz futboli rivoji uchun foydali masalalarda ular bilan maslahatlashib olishga harakat qilyapti.
Jumladan, Umid Ahmadjonov u yerda Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Halifa bilan uchrashdi. Do‘stona ruhda o‘tgan norasmiy uchrashuvda tomonlar 2019-yili Birlashgan Arab Amirliklari mezbonlik qiladigan Osiyo Kubogiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan fikr almashishdi. Shuningdek, Shayx Salmon o‘zbek futbolida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va buning uchun Umid Ahmadjonovga minnatdorlik bildirdi. Uchrashuv va muloqot foydali bo‘ldi – futbolimiz rahbarining iltimosiga ko‘ra, Osiyo futbol konfederatsiyasi ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi shu yilning oktyabr oyida Toshkentda o‘tkazish masalasini hal etildi.
Shuningdek, Moskvadagi “Kempinski otel” mehmonxonasida Osiyo futbol Konfederatsiyasining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda FIFA Prezidenti Janni Infantino ham ishtirok etdi. Yig‘ilishda FIFA Prezidenti , qolaversa, Osiyo futbol Konfederatsiyasi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Halifa Jahon chempionatida ishtirok etuvchi Osiyo terma jamoalari va hakamlarga omad tiladi.
Nutq so‘zlar ekan, jumladan, shunday dedi: “Osiyoda futbol tez suratlar bilan rivojlanib boryapti. Umid qilamanki, bu yilgi mundialda Osiyo terma jamoalari ham o‘zlarini har tomonlama ko‘rsata olishadi. Qolaversa, ayni paytda Osiyoda hakamlik sohasi ham ancha rivojlangan. So‘nggi yillarda ushbu qit’adan bir qator kuchli referilar yetishib chiqdi. Jahon chempionatining final bosqichida eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekordchi ham bugungi kunda aynan Osiyolik hakam Ravshan Ermatov bo‘lib turgani ham fikrimga isbot bo‘la oladi”.
Yig‘ilishdan so‘ng MOQ va futbol assotsiatsiyamiz rahbari Janni Infantino bilan uchrashdi va mamlakatimizda sport sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida FIFA Prezidentiga so‘zlab berdi. O‘z navbatida, FIFA prezidenti Infantino ham o‘zbek sportida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi va yaqin orada shaxsan o‘zi Toshkentga tashrif buyurishini va o‘zgarishlarni bevosita kuzatishini ta’kidlab o‘tdi.
Dunyo futboli tashkilotining rahbari Toshkentga safari chog‘ida shu yilning o‘zida “Milliy” stadion (sobiq “Bunyodkor”) hududida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi uchun yangi bino qurilish ishlari boshlab yuborilishi, binoga birinchi g‘ishtni aynan FIFA prezidenti Janni Infantino qo‘yib berishi kutilmoqda.

 

O‘zA