04.jpg
 
Joriy yilning 8–9-iyun kunlari Xitoyning Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 18-sammiti dunyo jamoatchiligi va ekspertlarining diqqat e’tiboriga ko‘chgani bejiz emas. Chunki bu gal tashkilot birinchi marta sakkizlik tarkibida o‘z majlisini o‘tkazdi.
06.jpg
 
Abduvali Soyibnazarov,
siyosiy sharhlovchi
O`zA uchun maxsus
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti qisqa vaqt ichida ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lgan hamda xalqaro iqtisodiy va siyosiy munosabatlar tizimida tobora muhimroq ahamiyat kasb etib borayotgan va nufuzli xalqaro tuzilmaga aylandi. Xalqaro jamoatchilik SHHT sammiti ishini diqqat bilan kuzatarkan, tashkilotning g‘oyat qisqa davr ichida mustahkam oyoqqa turib olganiga, dunyoda yuz berayotgan voqealarga faol munosabati, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan qat’iy siyosiy yo‘liga ishonch hosil qilmoqda, deya aytish mumkin.

Joriy yilning 8–9-iyun kunlari Xitoyning Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 18-sammiti dunyo jamoatchiligi va ekspertlarining diqqat e’tiboriga ko‘chgani ham bejiz emas. Zero, bu gal tashkilot birinchi marta sakkizlik tarkibida o‘z majlisini o‘tkazdi. O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston bilan bir safda Hindiston va Pokiston teng huquqli a’zolar sifatida ishtirok etdi. Agar SHHT ishida to‘rtta kuzatuvchi (Afg‘oniston, Belorus, Eron va Mo‘g‘iliston) va muloqot bo‘yicha sherik sifatida oltita (Armaniston, Kamboja, Nepal, Shri-Lanka va Turkiya) davlatlar ishtirok etayotganligi ham tashkilot nufuzi tobora ortib borayotgani, uning faoliyati amaliy natijalar berayotganidan dalolat beradi.Yodingizda bo‘lsa, bir yil muqaddam Turkiya prezidenti Rajap Toyib Erdog‘an rasmiy Anqara SHHTga qo‘shilishni Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nisbatan real muqobillik deb atagandi. Uning fikricha, 53 yildan beri Turkiyaning YEIga qo‘shilishi jarayoni cho‘zib kelayotgani bois SHHT tarkibida ishlash birmuncha qulayroq.

05.jpg
Bugun SHHTga a’zo davlatlar jahon yalpi ichki mahsulotining 20 foizini, aholining 43 foizini va yer yuzi hududining 23 foizini qamrab olgan. Tashkilotning eng ta’sirchan a’zolari bo‘lmish Rossiya va XXR tashkilotning nufuzini oshirish yo‘lida Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati va “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini birlashtirdi. Osiyoning qudratli davlatlaridan hisoblangan Hindiston va Pokistonning tashkilotga qo‘shilishi qit’adagi olovli nuqtalarning yana bittaga kamayishiga, ya’ni ular o‘rtasidagi nizolarning barham topishiga, sayyoramizdagi terrorchilik tahdidlarining kamayishiga beqiyos hissa bo‘lib qo‘shilishi mumkin.
Без названия.jpg
Agar SHHT doirasida qabul qilingan qarorlar a’zo mamlakatlar tomonidan to‘la ma’qullangan taqdirdagina kuchga kirishi va bu munosabatlar ko‘p tomonlama kelishuvlar orqali mustahkamlanishini nazarda tutsak, SHHTning qisqa davr ichida katta obro‘-e’tibor qozonishiga sabab bo‘lgan omillarni anglagandek bo‘lamiz. Tashkilot o‘z nizomida belgilanganidek, ayni kunda nafaqat xavfsizlik, balki ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-sotiq, transport kommunikatsiyasi, sarmoya va gumanitar masalalarga ham jiddiy e’tibor qaratmoqda. Bular tashkilotning ochiqligi, barcha manfaatdor davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikka tayyor ekanidan dalolatdir.

SHHT atrofidagi hamjihatlik qabul qilinayotgan siyosiy bayonotlarda ham yaqqol namoyon bo‘layotir. Olaylik, Eronning yadroviy kelishuvi borasida erishilgan xalqaro ahdnomalarni saqlab qolish, Suriya va Koreya yarim orolidagi vaziyat xususidagi yakdillik bunga misol bo‘la oladi. AQSH prezidenti Donald Trampning Xitoy va Rossiyani raqobatchi davlatlar sifatida e’tirof etishi, “katta yettilik” sammitida Rossiyani klubga qaytarish vaqti kelganligi haqida bayonot berishi ham bejiz emas.

SHHT doirasida xavfsizlik sohasida ko‘pqirrali mexanizmlar yaratilgan. Bu o‘rinda 2001 yilda imzolangan terrorchilik, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi kurash haqidagi Shanxay konvensiyasini nazarda tutayapman. Uning doirasida 2005 yili axborot almashish va qo‘shma aksilterror tadbirlarini o‘tkazayotgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmalari tashkil etilgandi. E’tirof etish joiz, SHHT o‘shandan beri 600 ga yaqin terrorchilik hujumlarining oldini oldi, 500 nafardan ziyod terrorchi o‘z yurtlariga ekstraditsiya qilindi.

2014-yilning yanvarida Toshkentda SHHT Aksilterror markazining ochilishi mamlakatimizga bo‘lgan ishonchning, terrorchilikka qarshi kurashda ilg‘or mamlakatlardan biri ekanligining tasdig‘i bo‘ldi. O‘tgan yili Ostona shahridagi Davlatlar rahbarlarining Kengashida ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha Konvensiya imzolandi. 2017-yilning oxirigacha SHHT “Tinchlik missiyasi” va “Tyan-Shan” shartli nomdagi o‘ndan ziyod qo‘shma aksilterror mashqlarini o‘tkazdi.

64464_555_343.jpgO‘tgan yili tashkilotga Pokiston va Hindiston qabul qilinganidan keyin Kashmir hududiy mojarosini yechish va Hindistonnining: TAPI (Turkmaniston — Afg‘oniston — Pokiston — Hindiston) hamda IPI (Eron — Pokiston — Hindiston) energetik quvurlarini qurish va CASA-1000 (Markaziy Osiyo — Janubiy Osiyo) loyihasini amalga oshirish yo‘lida noyob imkoniyat paydo bo‘ldi. Biroq bu Hindistonning “Bir makon, bir yo‘l” nomli Xitoy loyihasiga nisbatan ijobiy pozitsiyasi zarur. Afsuski, rasmiy Dehli bu masalada hozircha shoshayotgani yo‘q.

Shubhasiz, Hindistonning SHHT safidan o‘rin olishi tashkilotdagi kuchlar muvozanatini yoki u yoki bu davlatning Markaziy Osiyoda hukmronlik o‘rnatishiga yo‘l bermaydi. Pokistonga keladigan bo‘lsak, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi ko‘p jihatdan Islomobodga bog‘liq. Afg‘oniston kelajagi kaliti ko‘proq Pokiston qo‘lida desak, yangilishmagan bo‘lamiz. Aynan SHHT platformasi, ayniqsa, mudofaa sektorida a’zo davlatlar jafokash afg‘on xalqining ko‘plab muammolarini yechish uchun qo‘shma stretegiya ishlab chiqishlari ehtimoldan uzoq emas.

SHHTning Sindaodagi 18-sammitida XXR tashkilotni rivojlantirish borasida o‘zining besh yillik rejasini taqdim etdi. Majlis kun tartibidagi asosiy masalalardan biri – “Bir makon, bir yo‘lak” loyihasiga katta e’tibor qaratildi. G‘arbda ushbu loyiha Xitoyning o‘z “imperiyasi”ni kengaytirishga qaratilgan reja deya tanqid qilinmoqda. Ammo tashabbus “Ipak yo‘li” bo‘yidagi davlatlar o‘rtasida iqtisodiy va transport-kommunikatsion aloqalarni kengaytirish va osmonosti mamlakatining ichki mintaqalarini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Loyihada ishtirok etish yoki qatnashmaslik har bir mamlakatning o‘z ishi.

SHHT, avvalo, o‘zining asosiy tamoyillaridan kelib chiqqan holda Yevroosiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashning ishonchli kafolati sifatida maydonga chiqmoqda, dunyo tez o‘zgaruvchan, notinch bo‘lib turgan hozirgi zamonda bu g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Ikkinchidan, bu ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va gumanitar sohalarda ko‘p tomonlama samarali hamkorlikni tashkil etish borasida qo‘yilayotgan va bajarilayotgan vazifalar, buning uchun zarur shartnomaviy-huquqiy asosni shakllantirish va har bir mamlakat uchun ahamiyatli bo‘lgan yirik loyihalarni amalga oshirishdir. Uchinchidan, SHHT davlatlarning teng huquqli birlashmasi bo‘lib, uning faoliyati boshqa mamlakatlarning manfaatlariga qarshi qaratilmagan va qarama-qarshilik qiladigan blok xususiyatiga ega emasligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Tashkilot doirasidagi yana bir ustuvor yo‘nalish bu shubhasiz, savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish masalasidir. Kuzatuvchilarning fikricha, SHHT doirasida iqtisodiy hamkorlikning ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Tashkilotning Ishbilarmonlik kengashi, Sanoatchilar va ishbilarmonlar forumi, Banklararo birlashma kabi tuzilmalari samarali faoliyat olib borayotgani ham shundan dalolatdir.

Tan olish kerak, O‘zbekiston SHHT doirasida ishtirokchigina bo‘lib qolmay, o‘zining amaliy taklif va tashabbuslari bilan qatnashmoqda. Shu nuqtai nazardan Prezident Shavkat Mirziyoyevning SHHT faoliyatini takomillashtirish, savdo va transport aloqalarini rivojlantirish, xavfsizlikni mustahkamlashga doir muhim tashabbuslarni ilgari surishi e’tirofga loyiq.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Joriy yil boshidan O‘zbekistonning SHHTga a’zo davlatlar, uning kuzatuvchilari va sheriklari bilan savdosi hajmi o‘ttiz foizdan ziyod oshdi. Lekin bu mavjud imkoniyatlarimizning cheki emas”.

Shu sababli Sh.Mirziyoyev tovar ayirboshlashni yanada o‘stirish uchun eksport-import tartib-taomillarini soddalashtirish, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida agrosanoat klasterlarini shakllantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishda “yashil yo‘laklar” tarmog‘ini kengaytirish taklifini ilgari surdi.

SHHT makonining transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi, bu borada “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida mintaqalararo transport loyihalarini amalga oshirish dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Shu sababli mamlakatimiz O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy, Mozori Sharif – Hirot temir yo‘llarini qurish, shuningdek, Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi, Shimol – Janub va Sharq – G‘arb transmintaqaviy yo‘laklarni rivojlantirish tarafdori sifatida maydonga chiqmoqda. Bu ishlarning amalga oshirilishi SHHTga a’zo davlatlarning Yevropa Ittifoqi, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, hamkorlik qaysi sohaga tegishli bo‘lishidan qat’iy nazar, alal-oqibat milliy yo mintaqaviy, shu bilan birga, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy xavfsizlikning mustahkamlanishiga olib keladi.