Bosh prokuratura: Qurilish sohasida ishlab chiqarish hajmi oshadi, narxlar barqarorlashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha videoselektor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda asosiy e’tibor Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018 yil 5 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor majlisi Bayoni ijrosini ta’minlashga oid chora-tadbirlar ko‘rilishiga qaratildi.
Qayd etilganidek, Davlatimiz rahbari haqli ravishda tanqid qilib o‘tganidek, qurilish materiallari narxi asosciz ravishda oshib bormoqda va qurilish materiallariga bo‘lgan haqiqiy ehtiyoj aniq emas.
Majlisda zamonaviy Tashkent va Samarqand city, Nurafshon shahri, Toshkent xalqaro aeroporti, Toshkent halqa yo‘li, Yunusobod metro liniyasi, Toshkent va boshqa shaharlardagi o‘nlab ko‘priklar, namunaviy uy-joylar, xususan xizmat uylari, kam ta’minlangan oilalar uchun uy-joylar qurilishini hisobga olgan holda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish masalasining dolzarbligi va strategik muhimligi qayd etib o‘tildi.
Ushbu va boshqa qurilish obyektlarining barpo etilishi katta hajmdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilishi va ichki bozorda bo‘lishini taqozo etadi. Biroq, oxirgi vaqtda qurilish materiallariga bo‘lgan talabning keskin ko‘payishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani, qurilish materiallari ishlab chiqarilishida zarur bo‘lgan gaz va elektr energiyasi tariflari oshgani hamda bir qator boshqa sabablar qurilish bozorida narxlar o‘sishiga olib keldi.
Misol uchun, respublika bo‘yicha joriy yilning may oyida qurilish materiallarining narxlari 2017 yil dekabr oyiga nisbatan umumiy hisobda 15,6 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 26,3 foizga oshgan.
Bugungi kunda respublikada faoliyat yuritayotgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi 7 ming 316 tadbirkorlik subyektlarining 5 ming 145 tasi, ya’ni 70 foizi mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanmayapti.
Majlisda qurilish materiallari ichki bozorida yuzaga kelgan salbiy vaziyat sababi bo‘lgan ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi tanqid qilinib, tegishli davlat organlari, idoralari va tashkilotlari rahbarlarining tushuntirishlari eshitildi.
Bosh prokuror, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Toshkent shahar, viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari, viloyat prokurorlari va Departamentning viloyat boshqarmalari boshliqlari xodimlari ishtirok etgan majlis yakunida zarur chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va qurilish materiallarining eng muhim turlariga (sement, pishiq g‘isht, oyna, taxta-yog‘och, metalloprokat va boshqalar) bo‘lgan narxlarni barqarorlashtirish, qurilish materiallarining narxlari o‘sishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar ko‘riladigan bo‘ldi.

 

O‘zA