Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasida quvvat beruvchi (energetik) ichimliklarning inson salomatligiga salbiy ta’siri, uning iste’moli va ishlab chiqarilishini tartibga solishga bag‘ishlangan aksiya o‘tkazildi.
Milliy Tiklanish partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan aksiya doirasida xo‘jaylilik ko‘ngilli fuqaro Aybek Boranbayevda tibbiy tekshiruv o‘tkazildi.
Ushbu ichimlik iste’molidan oldin EKG tahlili va qon bosimi o‘lchanganida hammasi me’yorida ekani qayd etildi.
Energetik ichimlikni iste’mol qilganidan so‘ng bir oz muddat o‘tgach, shifokorlar qayta tekshiruvlar olib bordi. Natijada Aybek Boranbayevning qon bosimi oshgan, yurak faoliyati tezlashganligi aniqlandi.
–Aksiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad energetik ichimliklarning inson salomatligi uchun xavf tug‘dirishi ehtimoli yuqori ekanligini fuqarolarimizga, ayniqsa yoshlarga targ‘ib qilidan iborat, – deydi partiyaning matbuot kotibi Mirzaxmet Tajimuratov. – Ma’lum bo‘lishicha, tarkibida kofein miqdori ko‘p bo‘lgan energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qiluvchilar kelajakda ruhiy faollashtiruvchi moddalarni tez-tez qabul qila boshlar ekan.
Tibbiy tekshiruvni o‘tkazgan shifokorlarning ta’kidlashicha, energetik ichimliklarning inson organizmiga ta’siri to‘g‘risida boshqa davlatlarda ham qator tajribalar o‘tkazilib, dunyo olimlari yoshlarni uzoq yillar nazorat qilib borgan.
Jumladan, energetik ichimliklarga o‘rganganlar boshqalarga nisbatan me’yoridan ortiq alkogol ichishni va qo‘zg‘atuvchi moddalardan foydalanishni boshlar ekan.
Tibbiyot mutaxassislarining ma’lumotlariga qaraganda, quvvatbaxsh ichimliklarning arterial bosim va qondagi qand miqdorini oshirishi, depressiya va asabiylikni keltirib chiqarishi, yurak urushining me’yorini izdan chiqarish ehtimoli yuqori ekanligi kuzatilmoqda. Bu, o‘z navbatida, energetik ichimliklarning zararli jihatlarini inson hayoti, ayniqsa, o‘smir-yoshlar salomatligiga o‘ta xavfli ta’siri borligini yanada yaqqolroq namoyon etadi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA