Orol muammosi: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar

Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar” mavzuida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Ekologik harakati, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi asosiy tashkilotchiligida hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi, BMT Taraqqiyot dasturi, YUNЕSKO, Jahon banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) O‘zbekistondagi vakolatxonalari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori (YEXHT), Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik bo‘yicha Doimiy qo‘mitasi, “O‘zbekiston rangli metall parchalari, chiqindilarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati, Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi ilmiy-axborot markazi va boshqa qator xalqaro va mahalliy tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari deputatlari, vazirlik va idoralari rahbarlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari mutasaddilari, o‘zbekistonlik va xorijiy mutaxassislar, ekspert-olimlar, Orolbo‘yidagi ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan loyihalarga investitsiya kiritishdan manfaatdor bo‘lgan xorijiy kompaniyalar, xalqaro tashkilotlar, yetakchi moliya institutlari vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari qatnashdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Boriy Alixonov, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi ijrochi direktori Iskandar Abdullayev, BMT Bosh kotibining maxsus maslahatchisi Yukio Takasu, Jahon suv kengashi prezidenti Benedito Braga, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori Jon Makgregor va boshqalar Orolbo‘yidagi ekologik holatni barqarorlashtirish bo‘yicha hamkorlikdagi tizimli chora-tadbirlar uchun yirik investitsiyalar va yangi texnik hamda innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish bugunning dolzarb masalasiga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Orol fojiasini jahon hamjamiyati allaqachon global muammolardan biri sifatida tan olgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida jahon hamjamiyati e’tiborini Orol fojiasiga qaratgan edi. Bugungi kunda bu ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan harakatlarni birlashtirish O‘zbekiston tashqi siyosatidagi muhim yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.
– Mamlakatimizda Orol fojiasining Orolbo‘yi aholisi salomatligi va atrof-muhitiga salbiy ta’sirini yumshatish borasida muhim ishlar amalga oshirib kelinmoqda, – dedi O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i H.Tolipov. – Muammo ko‘lami mintaqa ekotizimlarini tiklash va barqaror rivojlanishga erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etishni talab qiladi. Orolbo‘yidagi ekologik muhitni barqarorlashtirishning eng qulay va arzon usuli – bu o‘rmonzorlar barpo qilishdir. Dengizning qurigan qismi 5,5 million gektar bo‘lsa, shundan 3,5 millioni bizning hududimizga to‘g‘ri keladi. Uning 2 million gektarini o‘rmonzorga aylantirishga erishsak, vaziyat ancha yaxshilanadi. Buning uchun esa har yili 100 ming gektar maydonni o‘rmonga aylantirish chorasini ko‘rish zarur. Agar shu tarzda jadal harakat qilib, dengizning qurigan qismi yashillik bilan o‘ralsa, 15-20 yil orasida bu muammo xavfini bartaraf etishga erishishimiz mumkin. O‘tkazilayotgan anjuman shu jihatdan amaliy qimmatga egaki, unda bildirilgan taklif, g‘oyalar va investitsiyalar Orolbo‘yi hududining iqlimini barqarorlashtirishga qaratilganidadir.
Anjuman doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyati va Orol dengizi havzasi muammolari bo‘yicha yangi harakatlar dasturi, Markaziy Osiyoning transchegaraviy daryolari suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha mintaqa davlatlari hamkorligini yaxshilash, Orolbo‘yi hududini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish va BMT shafeligida u yerdagi aholi xavfsizligi bo‘yicha maxsus fond tashkil etish, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon-melioratsiya ishlarini faollashtirish kabi masalalar muhokama etildi.
– Orolbo‘yidagi ekologik muhitni yaxshilash uchun tashkilotimiz 2014 yil 10 million dollar mablag‘ ajratgan, – dedi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TIKA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ali Ihsan Chag‘lar. – Bu yilgi rejalarimiz ham ulkan. Yiliga 3 ming gektar maydonga saksovul ekish taklifini ilgari surganmiz. Bugungi anjumanda bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar Orolbo‘yi ekologiyasini yaxshilash va aholisiga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi, degan umiddaman.
Anjumanda Orolbo‘yi mintaqasining ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatini yaxshilashga yo‘naltirilgan loyihalar to‘plami ma’qullandi. Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi o‘rtasida dengizning qurigan tubida o‘rmon barpo etishni muvofiqlashtirish hamda O‘zbekiston Ekologik harakati bilan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik bo‘yicha Doimiy qo‘mitasi o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi.
Anjuman doirasida ishtirokchilar Orolbo‘yida bo‘lib, vaziyat bilan bevosita tanishdi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA