Tarim ko‘lini tikladik, Orolni ham qutqaramiz

“Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar” mavzusidagi xalqaro konferensiyadan onlayn xabar.
Orol masalasi, unga ko‘mak berish va tiklash choralarini qidirish borasidagi suhbatlar jarayonida qiziqarli fikrlar aytilmoqda. Ular orasida bir tajriba e’tiborimizni tortdi.
Bizda ham Tarim yirik ko‘li bo‘lib, u 1970 yillarda quriy boshlagan va 60 foiz o‘simlik dunyosi nobud bo‘lgan edi, – deydi Xitoy fanlar akademiyasining Sinszyan bo‘limi vitse prezidenti Chen Si. – Ana shunda 2001-2015 yillar davomida olib borilgan izlanishlarimiz samarasida uni tiklashga erishdik. Hozirda undagi o‘simliklar dunyosini tiklab, kichik ko‘l barpo etdik.
Ilmiy jamoamizning ana shu tajribasini yanada kengaytirib, uni innovatsion yangiliklar bilan boyitgan holda Orolni o‘rganishni boshladik. Va bu borada loyihani amalga oshirish niyatidamiz.
Agarda Orolni kuzatadigan bo‘lsak, uning asosiy muammosi bioxilma-xillikning yo‘qolib borishi, yerning sho‘rlanish darajasi oshib, uni tuz bosgani deb aytish mumkin.1979-2015 yillarni kuzatadigan bo‘lsak, Turkmaniston va O‘zbekiston hududida yerlarning tuz bosish darajasi ortib bormoqda. Tuz keltiradigan xavf tobora ortib, uning hududlari yil sayin kengayib bormoqda. 2000-2016 yillar misolida aytadigan bo‘lsak, tuz bo‘ronlari oldinroq yiliga 15 marta bo‘lsa, endi 25 marta kuzatilmoqda.
Tuz keltiradigan xavf juda ko‘p bo‘lib, u tufayli suv parlanib, o‘simliklar dunyosi kamayib, aholining sog‘lig‘i yomonlashib boradi. Loyihamizda uchuvchisiz samolyotlar yoki dronlardan foydalanish orqali tuz bo‘ronlariga barham berish, suvning tejashni yangi usullarini o‘rganish va ishlab chiqish e’tiborimizda bo‘ladi.

 

Sayyora Shoyeva, Фарҳод Абдурасулов (Сурат) O‘zA