Memorandumlar imzolanishi kutilmoqda

Muxbirimiz “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 
hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar” 
mavzusidagi xalqaro konferensiyadan xabar qiladi.
Konferensiya ishtirokchilari ekologik toza texnologiyalarga ixtisoslashgan “Green & Ecological Technologies Central Asia – GETCA 2018”, Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasida, biznes-forumda, sohaga aloqador vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari mutaxassislarining xalqaro moliya institutlari va tashkilotlar bilan uchrashuvlarida ishtirok etmoqda.
– Orolning yillar davomida oldini olish imkoni bo‘lmayotgan jiddiy fojiasi tabiat insonlarga bo‘ysinmasligini yaqqol ifodalamoqda, – deydi Butunjahon suv kengashi Prezidenti Braga Benedito. – Shu bois butun dunyo aholisi bir ovozda, bir tilda so‘zlashib, unga ko‘mak berishga majburmiz. Suvdan oqilona foydalanish borasidagi bilimlarimizni o‘rtoqlashib, hamkorlikda ishlashimiz, innovatsion usullar ishlab chiqishimiz shart. Ana shunda biz Orolni qurishini oldini olish va uni yana to‘ldirish chorasini topishimizga ishonaman.
Forumda xorijiy va mahalliy biznes vakillarining jalb qilingan investitsiyalarini amalga oshirish uchun, Orobo‘yi mintaqasining ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatini yaxshilashga yo‘naltirilgan loyihalar to‘plami ma’qullandi. Konferensiyada qabul qilinadigan yakuniy hujjat, shuningdek konferensiya materiallari to‘plami Markaziy Osiyo Respublikalari va xorijiy davlatlar parlamentlari va hukumatlariga, xalqaro va jamoat tashkilotlariga yo‘llanishi mo‘ljallanmoqda.
– Kecha Orolning qurigan yerlarini ko‘rib, o‘zim guvoh bo‘ldim, vaziyatning jiddiy ekaniga, – deydi BMTning maxsus maslahatchisi Yukio Takaso. – Biroq biz u yerda umid uchqunlarini ham ko‘rdik. Mehmonxonalar, bolalar bog‘chasi va maktablar qurilgani, ko‘plab qushlarning uchib yurgani bizga ana shunday quvonch berdi. Bizning maqsadimiz bu yerda yashayotgan aholining ish bilan ta’minlash, atrofning ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilashdan iborat. Orolning zararini kamaytirish choralarini albatta topamiz.
Qayd etish kerakki, forum doirasida BMTTD O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi GEF agentligi va OQXJ Qozog‘istondagi ijroiya direksiyasi o‘rtasida dengizning qurigan tubida o‘rmon barpo etishni muvofiqlashtirish bo‘yicha hamda O‘zbekiston ekologik harakati va Islom hamkorlik tashkiloti fan va texnologiya sohasidagi doimiy qo‘mitasi (KOMSTЕK OIS) o‘rtasida atrof muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik borasida Memorandumlar imzolanishi kutilmoqda.

 

Sayyora Shoyeva, Farhod Abdurasulov (surat) O‘zA