Yiliga 3 ming gektar saksovulzor tashkil etamiz

Muxbirimiz “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar” mavzusidagi xalqaro konferensiyadan xabar qiladi.
Sarlavhada keltirilgantaklif konferensiya ishtirokchilarining olqishiga sazovor bo‘ldi. Qayd etish kerakki, bunday hamkorlikka erishilsa, Orol hududidagi yerlarning yashillikka burkanishiga, chang va tuz kuchishining oldi olingan bo‘lardi.
– Orol muammosining samarali yechimini topish maqsadida ana shunday taklif berdik, – deydi TIKA tashkilotining rahbari Ali Ixsan Changlaru. – Biz 2014 yildaOrolbo‘yi aholisining salomatligi, atrof-muhitga salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida 10 million dollar ajratgan edik. Bu yildan yangi loyiha asosida undan ham ko‘proq mablag‘ ajratib, saksovul o‘rmonzorlari tashkil etamiz.
Bunday deyishimizga sabab, Orolbo‘yi hududida gaz va ko‘mirning kamligi, chorvani saksovulzorlarni payhon etishi yerlarning holatini yanada yomonlashib, tuz va changni boshqa hududlarga ham tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Buning oldini tezroq olish kerak, bo‘lmasa yaqinda Qoraqalpog‘istonda bo‘lgani kabi “tuz bo‘roni” boshqa mamlakatlarda ham yuz berishi mumkin. Buning oldini olish uchun esa hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish shart.
O‘zbekistonda suvni ko‘p talab etuvchi paxta maydonlari qisqarishi, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etishda yaratilgan imtiyozlar bizga har jihatdan ma’qul. Endilikda iqtisodiy sohalar va sayyohlikni rivojlantirish borasidagi harakatlar ham yaxshi samara berishini qayd etmoqchiman. Bu davlatning iqtisodiy va siyosiy barqarorligini ta’minlaydi.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA