Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari Rossiya Federatsiyasida xizmat safarida bo‘lib qaytdi.

Moskva shahar IIBB YHXB boshlig‘i mas’ullari shahar ko‘chalarida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

Shahar ko‘chalarida o‘rnatilgan video kameralarni nazorat qiluvchi markaz faoliyati bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi. Markazdan turib chorrahalarda yuzaga kelayotgan tirbandliklarni bartaraf etishda svetoforlarning ish rejimiga o‘zgartirish kiritish, har bir transport vositasi qaysi chorrahadan necha marotaba o‘tgani to‘g‘risida 1 yillik ma’lumotlar saqlanib borishi katta taassurot qoldirdi. Qidiruvda bo‘lgan, o‘g‘irlangan transport vositalari to‘g‘risida markazlashgan ma’lumotlar bazasi yaratilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalish bo‘yicha maxsus xodimlar ajratilgan.

Toshkent viloyati yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari Rossiya Federatsiyasi IIBB YHXB muzeyidagi eksponatlar bilan tanishdi.

–Rossiyalik hamkasblarimizning so‘nggi yillarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda erishgan yutuqlari bilan tanishdik, – deydi Toshkent viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i E.Rahmonberdiyev. – Sohaga doir ilg‘or texnologiyalar imkoniyatlari bo‘yicha tajriba almashdik.

Tashrif doirasida Sankt-Peterburg shahri IIB YHXB boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik A.Kuznetsov bilan uchrashuv bo‘ldi. Soha xodimlari hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

“Simikon” rusumidagi foto-video kameralar va radarlar ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati bilan tanishildi. Bu yerda temir yo‘l kesishmalarida taqiqlovchi chiroqda harakatlangan, aholi gavjum joylar, savdo majmualari va bozorlar oldida to‘xtash taqiqlangan yo‘l belgisi talabiga rioya qilmagan transport vositalarini avtomatik tarzda qayd etuvchi kameralarning imkoniyati namoyish etildi.

Korxona xodimlari harakatlanayotgan transport vositasi turini, davlat raqamini, qidiruvdagi transport vositalarini aniqlash, patrul avtomobillarga o‘rnatilib, transport vositalarini avtomatik tarzda qayd etuvchi kameralar imkoniyatlari bo‘yicha ham ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Tashrif davomida o‘zaro hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

 

Abdulaziz Musayev, O‘zA