Narimon Umarov: “O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi ko‘p qirrali”

SHHT doirasida parlamentlararo hamkorlik yanada rivojlanadi.
Joriy yilning 26-may – 3-iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasining taklifiga binoan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Narimon Umarov boshchiligida parlament deputatlari va siyosiy partiyalar vakillaridan iborat delegatsiya ushbu davlatda bo‘ldi.
26-27-may kunlari Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar siyosiy partiyalarining Forumi ushbu safarning asosiy voqeasi bo‘ldi.
Forumning maqsadi SHHTga a’zo mamlakatlar parlamentlari va siyosiy partiyalari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro tajriba almashishga qaratildi. Ushbu nufuzli anjumanda mezbonlar va xorijiy delegatsiyalardan iborat jami 200ga yaqin ishtirokchi, jumladan, 20ta davlatdan 30dan ortiq siyosiy partiya, shuningdek, hamkor va kuzatuvchi maqomiga ega mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.
557a0fa5-56d9-439f-b140-be799d579624.jpg
Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Tashqi aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sun Tao forumni ochib berar ekan, SHHTning o‘tgan 17-yillik faoliyati davomida amalga oshirgan ishlari, maqsad va vazifalari hamda tashkilot oldida turgan istiqbolli ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtaldi. Xususan, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, ta’lim, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yib kelinayotganini ta’kidladi.
Sun Tao mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi birgalikda kurashish masalalarida tashkilotning nufuzi yildan yilga ortib borayotganligi, tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlarni qo‘shib hisoblaganda dunyo aholisining uchdan bir qismi tashkilotga a’zo davlatlar hisobiga to‘g‘ri kelayotganini bayon qilib, bu bilan tashkilotning nufuziga baho berdi.
Shuningdek, SHHTga a’zo mamlakatlar parlamentlari va siyosiy partiyalarini hamkorligini yanada kuchaytirish, tashkilotning faoliyat doirasini kengaytirish, xususan, qashshoqlikka qarshi kurashish, mintaqadagi ekologik muammolarni bartaraf etish kabi masalalarni ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, forumda SHHTga a’zo davlatlar va tashkilotning kuzatuvchi maqomidagi davlatlar vakillarining ma’ruzalari tinglandi.
bb9de3e2-8488-4c5a-864f-3bdaecd0bfbe.jpgJumladan, O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi Narimon Umarov ma’ruza bilan chiqish qildi.
N.Umarov Forum yuksak darajada tashkil etilganligini e’tirof etib, ushbu anjuman SHHT davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, siyosiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy, gumanitar va transport sohalarida aloqalarni rivojlantirishda samarali mexanizm bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi. Bunda O‘zbekiston–Xitoy hamkorligi ko‘p qirrali bo‘lib, strategik hamkorlik darajasi izchil o‘sib borayotgani va do‘stlik, o‘zaro ishonch tamoyillari ikki mamlakat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari asosida jadal rivojlanayotganligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini rivojlantirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish borasida olib borilayotgan islohotlarning borishi haqida to‘xtalindi. SHHT doirasida o‘zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy va boshqa sohalardagi munosabatlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, N.Umarov O‘zbekiston “Adolat” SDP yetakchisi sifatida partiyaning mamlakatimiz siyosiy maydonida tutgan o‘rni va roli, oldiga qo‘ygan dasturiy maqsad-vazifalari, amalga oshirayotgan ishlari hamda tashabbuslari haqida ma’lumot berdi. SHHT davlatlari siyosiy partiyalari o‘rtasida ta’lim, sog‘liqni saqlash va ilm-fan sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Qolaversa, forumda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy Tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi vakillari chiqish qilishdi.
4f43bd56-3c2a-4255-8d31-c3433254e5c5.jpg
Mamlakatimiz delegatsiya a’zolari SHHT doirasida har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashda partiyalararo hamkorlik muhim o‘rin tutishini qayd etdilar. Shu jumladan, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, savdo, investitsion va madaniy aloqalarni jadallashtirish, tadbirkorlar o‘rtasida bevosita muloqotni tashkil etish, tashkilotga a’zo mamlakatlarning qadimiy shaharlarida sayyohlar almashuvini rivojlantirish ta’kidlandi.
Forumda ishtirok etgan boshqa davlatlar vakillari tomonidan ham tashkilot faoliyatini yanada rivojlantirish hamda uning nufuzini oshirish yuzasidan bir qator fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.
Xususan, SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik rasmiy bo‘lib qolmasdan, fuqarolar uchun ham foydali bo‘lishiga e’tibor qaratish, parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi kurashish bo‘yicha ishchi guruh tuzish, diniy oqimlarga qarshi kurashish bo‘yicha tashkilotning 2019-yilga mo‘ljallangan Dasturini ishlab chiqish, ilm-fan va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ekologik muammolarni birgalikda hal qilish, yoshlar va ayollar forumini tashkil etish kabi takliflar ilgari surildi.
Qolaversa, Forum ishtirokchilari Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash yuzasidan SHHT tomonidan belgilab olingan vazifalarni to‘liq bajarish zarurligini qayd etgan holda, joriy yilning 23-mart kuni “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirib o‘tdi.
Forum ishtirokchilari xulosasiga ko‘ra, tadbir SHHT va uning tuzilmalari faoliyatini yanada takomillashtirish, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni izchil rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash jarayonlarini yanada jadallashtirishga xizmat qilishi e’tirof etildi.
Forum tafsilotlari Xitoy Xalq Respublikasi va xorijning bir qator ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Matbuot xizmati

 

O‘zA