O‘zA muxbiri Mo‘ynoqda. Xalqaro konferensiya qatnashchilari ekologik vaziyat bilan tanishmoqda

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston ekologik harakati, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar Akademiyasi tashkilotchiligida o‘tkazilayotgan “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar” mavzusidagi xalqaro konferensiya qatnashchilari Mo‘ynoqqa yetib keldi.
Mehmonlar “Kemalar qabristoni”da bo‘lib, bu yerda bir vaqtlar hayot qanchalik gullab-yashnagani, bugun suvning qanchalar chekinib, o‘z hududlarini tark etganini bilib olishdi. Hududdagi ekologik vaziyat bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
– Orolda birinchi marta bo‘lishim, – deydi Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Irfan Yusuf Shami. – Biroq avval ham uning oqibatlari, butun dunyodagi ekologik muammoning aniq ko‘rinishi ekanini eshitganman. Bir vaqtlar dunyodagi beshta yirik dengizning biri bo‘lgan Orolni keyingi yillardagi taqdiri butun mintaqaga ta’sir qilayotganini kuzatish mumkin. BugunPokistondan shu sohada faoliyat yuritayotgan professor, olimlar kelishgan. Ular albatta,Orolga ko‘mak berish yo‘lini topishlari va samarali loyiha taklif qilishlariga ishonaman. Bu borada Pokiston albatta yordam qo‘lini cho‘zadi.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA