Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida uzoq yillik tanaffusdan so‘ng A.Begimov va T.Allanazarovlar muallifligidagi “G‘arib Oshiq” musiqali dramasi qayta sahnalashtirildi.
– Mazkur spektaklni qayta qo‘yilishi xalqimiz olqishiga sazovor bo‘lmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston san’at arbobi, spektaklni sahnalashtiruvchi rejissyor Bauatdin Baymurzayev. – Muhtaram Yurtboshimiz o‘tgan yili ziyolilar bilan uchrashuvida teatr sahnalarida tarixiy asarlarni qo‘yishni vazifa qilib belgilab bergan edi. Bu kabi tarixiy asarlar qaysi davrda bo‘lmasin, o‘z qimmatini yo‘qotmaydi, tomoshabinlar yuragida mangu yashaydi
Bu musiqiy drama eng avval 1955 yilda sahnaga chiqqan bo‘lsa, unda asosiy rollarni Yuldash Mamutov va To‘xta Rahmanovalar ijro etgan. 1955, 1972 yillarda yangi repertuarlar bilan boyib borgan mazkur spektakl mustaqillikning ilk yillari Bauatdin Baymurzayev tomonidan qayta ishlandi. 1991 yilda Qozog‘iston Respublikasining Olma Ota shahrida o‘tkazilgan Qoraqalpoq teatr kunlarida qo‘yilib, muvaffaqiyatga erishgan.
Yangi talqindagi musiqali dramada Bahodir Razimbetov (G‘arib), Injayim Komekbayeva (Shohsanam), O‘zbekiston xalq artisti B.Nazarimbetov (Shohabbos), O‘zbekiston xalq artisti M.Sapayeva (Obodon), Qoraqalpog‘iston xalq artisti S.Dauletova (Gulsanam), M.Usenov (Hokimzoda), A.Amaniyazov (Abdulla) va boshqalar ishtirok etdi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA