Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha kunlik tashlanayotgan maishiy chiqindilarning faqat uchdan bir qismi qayta ishlanadi. Shu bois chiqindilarni qayta ishlash va ularning utilizatsiyasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Toshkentda o‘tayotgan Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumida muhokama qilinayotgan masalalar ichida qattiq maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish mavzusi ham kun tartibida bo‘lib turibdi.

Forumning ikkinchi kunida ayni masala bo‘yicha o‘tkazilgan yalpi sessiyalarda xorijlik yetakchi olimlar, mutaxassislar qattiq maishiy chiqindilarni kompleks boshqarishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va erishilgan tajribalar borasida fikrlashdi. Xususan, Finlyandiya suv forumi loyihasi rahbari Yakov Dondishning maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish borasida o‘z mamlakati tajribasi haqidagi taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Mamlakatimiz chiqindilarni qayta ishlash va ikkilamchi zaxiralardan foydalanish borasida yaxshi natijalarga erishgan, – dedi u. – Chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan kompaniyalar ko‘magida birgina 2016-yilda qattiq maishiy chiqindilarning 42 foizi ikkilamchi xomashyoga, 55 foizi energiyaga aylantirildi. Yana bir jihati, bizdagi qog‘oz, avtoshina, mahsulotni qadoqlash, avtomobillar, elektronika tovarlari chiqaruvchi korxona va kompaniyalar o‘z mahsulotlari chiqindilarini yig‘ishga javobgar hisoblanadi.

Shveysariyalik geograf Otto Simonettning ta’kidlashicha, bugun dunyo hamjamiyatini tashviga solayotgan chiqindilar muammosi migratsiya va aholi sonining o‘sib borishi, iste’mol evolyutsiyasi, ekologik savodsizlik kabi omillar hisobiga yanada chuqurlashmoqda. Yana uning qayd etishicha, Markaziy Osiyo davlatlari maishiy chiqindilar bilan ishlash borasida sezilarli ijobiy natijalarga erishmoqda.

Tojikistonlik olim, “Taraqqiyot uchun hamkorlik” jamoat tashkiloti direktori Qurbonali Partoyevning fikricha, qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda infratuzilma bilan birga texnologiya tanlash masalasiga mas’uliyat bilan yondashish lozim. Zero, bu inson salomatligi va tabiat muhofazasi bilan chambarchas bog‘liq.

5-iyun – Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan mintaqani barqaror rivojlantirish strategiyasini birgalikda shakllantirish, davlat, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati va biznes o‘rtasida muloqotni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi davom etadi.

 

Malohat Husanova, O‘zA