FUTBOL: Umid Ahmadjonov “Inter” futbol klubi akademiyasining rasmiy filialini ochishga erisha oladimi?

Italiya murabbiylari assotsiatsiyasi prezidenti va Italiya futbol federatsiyasi murabbiylar maktabi rahbari Renso Ulivyeri hamda Italiya futbol federatsiyasining Yoshlar sektori texnik koordinatori Stefano Bonakkorso shu yilning 15-23 iyul kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida yangi-yangi islohotlar amalga oshirila boshlangach, birinchi navbatda, bolalar futboliga e’tibor kuchaytirildi. Tashkilot rahbari Umid Ahmadjonov qayerga bormasin, qaysi davlat futboli mutasaddilari bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatmasin, eng avvalo, bolalar mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish, yurtimizda xorijiy mamlakatlar tajribasini yo‘lga qo‘yishga katta urg‘u bermoqda.
Buning natijasida nafaqat Osiyodan, balki Yevropaning futboli rivojlangan mamlakatlaridan bolalar mutaxassislarining yurtimizga tashrifi ko‘paymoqda.
Yaqinda Ispaniyaning “Real Madrid” akademiyasi mutaxassislari poytaxtimizda ish boshlashdi. Mashhur akademiya murabbiylari bolajonlarga hamda bolalar murabbiylariga master-klasslar o‘tishmoqda. Ispaniyaliklarning dasturi 15 iyunga qadar davom etadi. Aynan o‘sha sanadan italiyaliklar ish boshlaydigan bo‘ldi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning tashabbusi va kelishuviga binoan Italiya futbol assotsiatsiyasi bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Italiya murabbiylari assotsiatsiyasi prezidenti va Italiya futbol federatsiyasi murabbiylar maktabi rahbari Renso Ulivyeri O‘FA bilan hamkorlik qilish, o‘zbekistonlik murabbiylar salohiyatini oshirish hamda O‘zbekistonda futbolning rivojiga hissa qo‘shishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Muzokaralardan ko‘zlangan maqsad poytaxtimizda “Inter” futbol klubi akademiyasi rasmiy filialini ochishga erishishdir. Agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, O‘zbekiston “Inter” klubi akademiyasining rasmiy filiali ochilgan dunyodagi ikkinchi mamlakatga aylanadi. Ayni paytda dunyo bo‘yicha Italiyadan tashqari faqat Xitoyda “Inter” klubi akademiyasi faoliyatini davom ettirmoqda. Sababi, klub aksiyalarining katta qismi Xitoyning “Suning Commerce Group” kompaniyasi hisoblanadi.
“Inter” akademiyasi dunyoga mashhur futbol akademiyasi hisoblanib, o‘tgan yili akademiya tarbiyalanuvchilari Italiyada 15, 16, 17 va 18 yoshlilar o‘rtasidagi chempionatlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritishgan.
Renso Ulivyeri hamda Italiya futbol federatsiyasining Yoshlar sektori texnik koordinatori Stefano Bonakkorso shu yilning 15-23 iyul kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, yurtimizdagi bolalar futboli murabbiylari uchun mashg‘ulot o‘tkazish tartibi, uchrashuvlarga taktik va jismoniy tayyorgarlik ko‘rish masalalari bo‘yicha o‘quv kurslari o‘tishi rejalashtirilgan.
Oybek Yunusov

 

O’zA