Jahon banki vakillari bilan uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, moliya vziri Jamshid Qo‘chqorov Jahon banki vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Jahon bankining Iqtisodiy konsultantlar kengashi konsultanti Denni Leypsiger, bankning Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi iqtisodchisi Xulio Revilya, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi xodimlari ishtirok etdi.
Avval xabar qilinganidek, Jahon banki mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlarga ko‘maklashayotgan strategik sheriklardan biridir. Shu munosabat bilan Jahon banki O‘zbekiston Respublikasi uchun Iqtisodiy kengash tashkil etishda ko‘maklashishni rejalashtirgan. Ushbu Iqtisodiy kengash uchun texnik topshiriqni ishlab chiqsh maqsadida O‘zbekiston Hukumati bilan ishlash uchun Jahon banki tomonidan Sharqiy Osiy, Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqalarida shunday kengashlarda ishlab, boy tajriba orttirgan Jahon bankining sobiq vitse-prezidenti, konsultant Denni Leypsiger ham tashrif buyurgan.
Denni Leypsiger – Jorj Vashington universitetida xalqaro biznes va xalqaro munosabatlar professori, Taraqqiyot masalalari bo‘yicha muloqotning boshqaruvchi direktori. U 2004-2009-yillarda Jahon bankida qashshoqlikni qisqartirish va iqtisodiy boshqaruv bo‘yicha tarmoqning vitse-prezidenti lavozimida ishlagan. Shuningdek, u Braun universitetining iqtisod fanlari doktori unvoniga ega, iqtisodiyot va moliya, sanoat siyosati va bank ishi masalalariga doir, jumladan, Koreya, Chili va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida muntazam iqtisodiy maqolalar e’lon qiladi.
Uchrashuvda Janob Leypsiger bunday kengashlarni tashkil etish borasidagi xalqaro tajriba hamda ushbu kengash tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan islohotlar dasturi to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Yangi tashkil etilayotgan Kengash amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarda, masalan, soliq islohotiga doir yagona yondashuvlarni ta’minlaydi. Konsultantning fikricha, soliq islohoti davlat byudjetiga zarar yetkazmasdan, izchil, islohot oqibatlari bilan bog‘liq barcha masalalarni (byudjetning uzoq muddatli barqarorligi, makroiqtisodiy oqibatlar, soliq ma’murchiligining samaradorligi va hokazo) qamrab olgan holda amalga oshirilishi zarur.
Iqtisodiy vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, iqtisodiy masalalar va islohotlar uchun strategik va konseptual dasutrilamalni ishlab chiqish, shuningdek, milliy iqtisodiy siyosatning asosiy parametrlari va mo‘ljallari O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish strategiyalarining o‘rta va uzoq muddatli istiqbollariga mos bo‘lishini ta’minlash ijobiy natijalarga erishishning asosiy maqsadlaridir.
Shuningdek, mehmonlar tomonidan “Taraqqiyot muloqoti – mamlakatlarning barqaror o‘sishi va har tomonlama rivojlanishi” mavzusida taqdimot o‘tkazildi.
Taraqqiyot masalalari bo‘yicha muloqot siyosatni ishlab chiquvchilarga rivojlanayotgan mamlakatlarda barqaror iqtisodiy o‘sish va farovonlikni oshirish bo‘yicha yechimlar izlash bilan shug‘ullanuvchi ekspertlar, olimlar va arboblar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Janob Leypsiger shunday mutaxassislar jamoasining asoschisi va boshqaruvchi direktoridir.
“Taraqqiyot muloqoti – mamlakatlarning barqaror o‘sishi va har tomonlama rivojlanishi” tuzilmasi mamlakatlar va ularning hukumatlari oldida turgan global taraqqiyot muammolarini yoritishga qaratilgan. U innovatsion siyosat, shaharlarning barqaror rivojlanishi, bandlik va daromadlarni taqsimlash, davlatning o‘rni kabi masalalarga ixtisoslashgan.
Asosiy vazifa – rivojlanayotgan mamlakatlar va iqtisodiy rivojlanayotgan mamlakatda siyosatni ishlab chiquvchilarga boshqa mintaqalardan mustaqil, haqiqiy tavsiyalar berish va ularni empirik tadqiqotlar natijalari bilan tanishtirish.
Uchrashuvda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini yanada jadallashtirishning asosiy omillari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, resurslarni samarali taqsimlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, eksportni ko‘paytirish (ichki ehtiyoj cheklangan sharoitda), qishloq xo‘jaligi va davlat korxonalarini yanada rivojlantirish va isloh qilish, samarali soliq tizimini yaratish O‘zbekistonda YAIMni yuqori sur’atda oshirishga xizmat qilishi mumkin.

 

O‘zA