“Turkiston” san’at saroyida xayriya konserti o‘tkazildi

“Turkiston” saroyida “Ko‘zmunchoq” bolalar ashula va raqs ansambli tomonidan xayriya konserti o‘tkazildi.

Unga poytaxtimizning barcha tumanlaridan kam ta’minlangan oilalar, alohida ehtiyojli fuqarolar, imkoniyati cheklangan bolalar, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari taklif etildi.

“Ko‘zmunchoq” bolalar ashula va raqs ansamblida 4 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar vokal, klassika, milliy va jahon raqslari yo‘nalishida saboq oladi. Ular mamlakat va xalqaro miqyosdagi ko‘rik-tanlovlar, festivallar, ijodiy bellashuvlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Tadbirda yuzdan ziyod o‘g‘il-qiz tengdoshlari uchun kuy-qo‘shiqlar, she’rlar, raqslar ijro etdi.

Xayriya konsertida “Tumorcha” bolalar folklor-etnografik va “Sharq yulduzlari” bolalar raqs ansambllari, Toshkent shahar “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazi, musiqa maktablarining iste’dodli yoshlari ham ishtirok etdi.

Yosh avlod uchun qiziq bo‘lgan topishmoqlar, savol-javob, tez aytish kabi usulda sahnalashtirilgan ko‘rinishlar barchaga manzur bo‘ldi.

 

Barno Meliqulova, O‘zA