Anora Sodiqova xabar qiladi
O‘zbekistondan Afg‘onistonga yo‘l olgan delegatsiya ayni damda “Hayraton” ko‘prigidan o‘tib bormoqda. “Hayraton” ko‘prigi bugun tom ma’noda Shimoliy Afg‘onistonni Markaziy Osiyo davlatlari bilan bog‘lab turuvchi yagona yo‘l hisoblanadi.
O‘zbekiston (“G‘alaba”) Afg‘oniston (“Hayraton”) ko‘prigi orqali Shimoliy Afg‘onistonga O‘zbekistondan va qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlaridan katta miqdordagi un-don, bug‘doy, mahsulotlari eksport qilinadi. Ushbu ko‘prik Afg‘onistonning shimoliy qismini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlovchi yagona manba bo‘lib kelgan. Ko‘prik 1996-yilda “Tolibon”larning davlat tepasiga kelishi bilan xavfsizlikni ta’minlash maqsadida yopib qo‘yilgan edi. 2001-yilda “Hayraton” ko‘prigi ochilib, undan ilk bor qo‘shni Afg‘oniston hududiga insonparvarlik yordami o‘tkazilgan.
Bugungi kunda “Hayraton” ko‘prigi ikki avtomobil va birgina poyezd yo‘lidan iborat. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ko‘magi bilan Hayraton — Mozori Sharif temir yo‘li ham o‘tkazilgan va bu yo‘l mamlakat iqtisodi yaxshilanishiga katta hissa qo‘shmoqda. Termiz — Hayraton — Mozori Sharif temir yo‘li orqali Afg‘onistonga bugungi kunda insonparvarlik yordamlari kirib kelmoqda.
2012-yildan buyon “Hayraton” ko‘prigi orqali O‘zbekiston va Afg‘oniston davlatlari o‘rtasidagi savdo-sotiq aylanmasi ortib borayotir. Ayniqsa, 2017-yildan buyon ko‘rsatkichlar sezilarli darajada ko‘paygan.
Afg‘oniston shimolidagi avtomobil va poyezd yo‘llaridagi savdo aylanmasi bu mamlakatning boshqa chegaralaridagi yo‘llarni iqtisodiy ta’minlash uchun ham yordam beradi.
VVS ma’lumotlariga ko‘ra, 7 million afg‘on xalqi shimoliy qismdagi bandorgohda ish bilan ta’minlangan. Aynan shu hududdan, ya’ni “Hayraton” ko‘prigi va Shimoliy bandargoh orqali har kuni Markaziy Osiyo davlatlaridan Afg‘onistonga yuzlab eshelonlarda import mahsulotlari kirib keladi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston “Hayraton” ko‘prigidan birgalikda foydalanish bo‘yicha ikki davlat temir yo‘llari ma’muriyati tomonidan memorandum imzolangan.
“Xayraton” (avvalgi “Do‘stlik”) ko‘prigi sobiq Sovet va Afg‘on urushi davrida qurib bitkazilgan. 1989-yili aynan shu ko‘prikdan Sovet armiyasining so‘nggi qismi Afg‘onistonni tark etgan edi.
Hozirda O‘zbekiston tomonidan Mozori Sharif — Hirot temir yo‘lini barpo etish tashabbusi bildirilgan. Bu Afg‘oniston iqtisodiyoti rivojlanishiga hamda ko‘pgina aholini ish bilan taminlanishiga ulkan hissa qo‘shishi, shubhasiz.

 

O‘zA