Xirmontepa mahallasi obod bo‘ladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimiz turmushi farovonligi, odamlarimiz uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yurtimiz mahallalaridagi obodonlik ishlari e’tiborga molik.

Chilonzor tumanidagi “Xirmontepa” mahalla fuqarolar yig‘inida 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bugun bu mahalla ham yangicha qiyofa kasb etmoqda. Bu yerda Prezidentimizning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Yangidan qabul qilinayotgan “Obod mahalla” dasturi asosida bunyod etilayotgan yangi mahalla markazida mahalla oqsoqoli, maslahatchilar, profilaktika inspektorlari uchun xonalar, qariyalar dam olish xonasi, kutubxona, kommunal to‘lovlarni qabul qilish shoxobchasi, bolalar maydonchasi, aholi dam olish joylari, qulay o‘rindiq va soyabonlar, favvoralar, sport inshooti qad rostlamoqda.

Prezidentimiz bu yerda mahalla faollari bilan muloqot qildi, ularning muammolari, dardu o‘ylari bilan qiziqdi.

f6115943-ae63-c2d9-d469-88cab2ad11e1.jpg

– Har bir mahallani Jizzaxdagi Manasga o‘xshatib obod qilishimiz kerak. Barcha ishlarimiz tub zamirida xalqimizni rozi qilish maqsadi mujassam. Buning uchun hamma imkoniyatlarimizni ishga solamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA