Xorijlik investorlar “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markaziga qiziqish bildirmoqda

Bugungi kunda Toshkent shahri markazi ulkan qurilish maydoniga aylangan. 80 gektar hududda barpo etilayotgan “Toshkent City” xalqaro ishbilarmonlik markaziga nafaqat yurtimiz tadbirkorlari, balki xorijlik investorlar ham qiziqish bildirmoqda.

Prezidentimiz mazkur hududga tashrif buyurib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishish jarayonida bu haqda alohida qayd etildi.

Hozirgi kunda mazkur zamonaviy markaz 7 hududga bo‘linib, qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ayni paytgacha jami 42 ming kub metr tuproq ishlari bajarilgan. “Kongress xoll” va besh yulduzli mehmonxonaning yer osti monolit qoplamalarini mustahkamlash yakunlangan. Bunyodkorlik ishlariga 60 dan ortiq maxsus texnika, 1 ming 250 dan ortiq quruvchi-muhandis jalb etilgan.

Davlatimiz rahbari mazkur biznes markazi qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Quruvchi-muhandislar, xorijlik mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

City 02.jpg
Hozirgi kunda 7 ta hudud doirasida 9 ta investorning jami qiymati 1 milliard 325,6 million dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirishni ko‘zda tutuvchi loyihalari tasdiqlandi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning “Korso solushens” kompaniyasi bilan zamonaviy turar-joylar, ofis va savdo majmualari, “Lotus Gaz Invest” jamiyati bilan premium turar joylar, ta’lim muassasalari va rekratsion markaz, Germaniyaning “Xayper partners GMBX” kompaniyasi bilan 2 ta 20 qavatli savdo-ko‘ngilochar markazi va ofis binolari, “Universal paking masters” jamiyati bilan 40 qavatdan ortiq multifunksional bino va inshoot barpo etish, Janubiy Koreyaning “Bomi injiniring end konstrakshin” kompaniyasi bilan ofis, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari, mehmonxona hamda premium klassdagi turar joy binolari qurilishiga investitsiya kiritish loyihalari imzolandi.

Ayni paytda yana qator chet el kompaniyalari “Toshkent City”da amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar ustida ish olib bormoqda.

Prezidentimiz mehmonxona va “Kongress-xoll”ning ichki dizayni, kirish qismlari hamda nufuzli xalqaro anjumanlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan zallar interyerlari loyihasi bilan tanishib, ularni milliy uslubda bezash va jihozlash yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.

City 03.jpg

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA