Prezidentimiz ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyida bo‘ldi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalari kesishuvidagi hududda barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyi qurilishi bilan tanishdi.
Ushbu sport kompleksi dizaynida zamonaviy qurilish yechimlari va ilg‘or texnologiyalar milliy madaniyat elementlari bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmua ko‘kda parvoz etayotgan baxt va hurlik ramzi – Humo qushi shaklida barpo etilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 3 fevral kuni “Humo Arena” muz saroyi qurilish loyihasi bilan tanishib, bu kabi zamonaviy sport inshootlarining barkamol avlod tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratgan, mutasaddi rahbarlarga qurilish jarayonini yuqori sifat bilan amalga oshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar bergan edi.
19801ae3-5f0e-39ad-c686-5226c56b8549.jpg
Ayni paytda bu yerda bunyodkorlik ishlari jadal olib borilayapti. Inshoot ikki qismdan iborat bo‘lib, undan asosiy va mashq muz arenalari joy oladi. Umumiy maydoni 82 ming 250 kvadrat metrni tashkil etadigan 6 qavatli inshootning eng baland nuqtasi 40 metrni tashkil etadi.
Mobil o‘rindiqlar bilan jihozlanadigan saroyda xokkey o‘yinlarini 12 ming 500, boshqa sport musobaqalarini 14 ming, turli konsert va dam olish dasturlarini 10 ming tomoshabin kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Dam olish maskani va ijtimoiy markaz sifatida barpo etilayotgan muz saroyida turli tadbirlarni o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Xususan, arenada xalqaro xokkey o‘yinlari, kyorling, figurali uchish, short-trek bo‘yicha musobaqalar bilan bir qatorda, basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo, qilichbozlik kabi sport turlari bo‘yicha ham bellashuvlarni o‘tkazish imkoniyati bo‘ladi. Bundan tashqari, majmuada umumxalq bayramlari, konsertlar, ko‘rgazma va forumlar tashkil etish uchun sharoitlar yaratiladi.
86c13dd5-bd0a-a635-73ed-021d9c0627a0.jpg
Majmuada muhandislik tarmoqlari, yong‘in o‘chirish, sovutish tizimlari, yoritish, ventilyatsiya, issiqlik manbai to‘liq avtomatlashtirilgan holda, tejamkor texnologiyalar qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, bino yonida 1 ming 375 avtomobilga mo‘ljallangan 5 qavatli avtoturargoh qurilmoqda.
Prezidentimiz ushbu majmuada shug‘ullanadigan xokkey, figurali uchish va boshqa sport turlari bo‘yicha jamoalarni hozirdanoq shakllantirish, bu yerda yirik xalqaro musobaqalarni tashkillashtirish lozimligini ta’kidladi.
Mazkur majmua yil oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA