Jurnalist kadrlar tayyorlashning yangi bosqichi

Bugun tom ma’noda axborotlashgan dunyoda shunga yarasha raqobatbardosh jurnalist-kadrlar tayyorlash eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 24-may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu borada g‘oyat muhim qadam bo‘ldi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida mazkur qaror ijrosini ta’minlash, xususan, O‘zMU Jurnalistika fakulteti jamoasi oldida turgan muhim vazifalar yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi.

р.jpg

– Bu tarixiy qarorni avvalo bo‘lg‘usi jurnalistlarimiz va ularga saboq berayotgan professor-o‘qituvchilar qanchalik katta qiziqish bilan o‘rganganlari ko‘rinib turibdi,– dedi O‘zMU rektori Avazjon Marahimov. – Qarorda, ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor bilan yondashilgan. Chunonchi, 2018/2019 o‘quv yilidan Milliy universitetimizda “Jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha)” ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi magistratura mutaxassisliklari, shu jumladan, “Oliy jurnalistika kurslari” bo‘yicha qabul to‘xtatilsa-da ushbu ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar o‘qishni bitirgunlariga qadar mazkur oliy ta’lim muassasasida davom ettirishlari belgilab qo‘yilgan. Xo‘sh, bu borada biz qanday vazifalarni amalga oshirishimiz lozim? Birinchi galda, Jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilari ham, talabalari ham mas’uliyatni ikki barobar ko‘proq his etmoqlari zarur. Ayni paytda 1-kursda o‘qiyotgan talabalar 2-, 3-, 4-kurslarda ham shu dargohimizda tahsil oladilar. Yangi universitetga esa 2018/2019 o‘quv yilidan qabul boshlanishini e’tiborga olsak, demak, ularning kadrlari to‘rt yildan so‘ng chiqa boshlaydi. Ungacha “bo‘shliq” paydo bo‘lishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Demoqchimanki, bugun Jurnalistika fakultetimizda tahsil olayotgan talabalarimiz yanada puxtaroq bilim olishlari, ijodiy mahorat sirlarini mukammal egallashlari, amaliyotda har tomonlama yetuk jurnalist bo‘lib yetishishlari va soha rivojiga munosib hissa qo‘shishlari lozim.

O‘zMU rektori Jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilarining o‘z ustilarida yanada puxtaroq ishlashlari, talabalarga nazariy bilim berish bilan bir qatorda amaliyotda ham namuna ko‘rsatishlari, mahorat maktablari faoliyatini yanada takomillashtirishlari yuzasidan zarur topshiriqlar berdi.

Davra suhbatida o‘z mulohazalarini bayon etgan Jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilarining fikrlarini ham qog‘ozga tushurdik:

Ahmadjon Meliboyev, Matbuot nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti, “Jahon” adabiyoti jurnali bosh muharriri:

– So‘nggi paytlarda fakultetimizdan iqtidorli talabalar saralanib borayotgani quvonchli hol. Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda ikki nafar talabamizning ma’ruzasini, ijodiy izlanishlarini kuzatgan bosh muharrirlar o‘sha yerning o‘zida ishga qabul qildilar. Biz ham uch-to‘rt nafar ijodkor talabamizni jurnalimizga ishga qabul qilyapmiz. Demoqchimanki, yangi universitet o‘z faoliyatini boshlab, qaddini rostlab olguniga qadar sohada kadr tayyorlash bobida namuna ko‘rsatishimiz darkor. Buning uchun fakultetda imkoniyatlar ham, salohiyatimiz ham yetarlidir.

Qudrat Ernazarov, Jamoatchilik bilan aloqalar nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professori, tarix fanlari doktori:

– O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilgani juda yaxshi bo‘ldi. Bugun mazkur qarorda belgilangan tegishli vazifalarni so‘zsiz amalga oshiramiz. Talabalarimizni har tomonlama yetuk jurnalist kadr qilib tayyorlashga erishishimiz lozim.

Yusufjon Hamdamov, Raqamli OAV kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi:

– Milliy universitet bag‘rida to‘rt yil ilgari Jurnalistika fakulteti uchun zamonaviy bino qurilgani, unda barcha shart-sharoitlar yaratilgani, eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan teleradiostudiya, fotostudiyalar ishga tushirilgani barchamizga g‘urur, tuganmas ilhom baxsh etgan. Shunga yarasha ta’lim sifati va samaradorligi asta-sekin ortib bormoqda. Demak, biz yangi universitetga ham andoza va ibrat ko‘rsatmog‘imiz lozim. Talabalarimizga navbatdagi kurslarda munosib ta’lim berishimiz va ularning yetuk jurnalist kadr bo‘lib yetishishlari uchun qat’iy harakat qilmog‘imiz zarur.

Davra suhbatida mazkur qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘zaro fikrlashib, tegishli vazifalar belgilab olindi.

To‘lqin Eshbek,O‘zMU Axborot xizmati rahbari