Toshkentdagi “Poytaxt” biznes markazida 31-may – Xalqaro kashandalikka qarshi kurash kuni munosabati bilan “O‘zbekistonda tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha ”yo‘l xaritasi“ni ishlab chiqish” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shifokorlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari B.Yusupaliyev va boshqalar mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy madaniyatini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning kashandalikka ruju qo‘yishining oldini olish borasidagi ishlar ko‘lamini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Davra suhbatida yurtimizda kashandalikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Bu yilgi Xalqaro kashandalikka qarshi kurash kunining mavzusi “Tamaki va yurak-tomir kasalliklari” deb nomlandi.

Tamaki iste’mol qilish yurak ishemik kasalligi, insult va periferik tomirlar kasalliklari rivojlanishining xavfli omillaridan biridir. Dunyo bo‘yicha yurak-tomir tizimi kasalliklari tufayli vafot etayotgan odamlar soni oshmoqda. Har yili global tamaki epidemiyasi deyarli 7 million inson umriga zomin bo‘lmoqda. Ulardan 900 mingdan ortig‘i chekmaydigan, lekin tamaki tutuni ta’siri ostida zaharlanganlardir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistonda kattalar orasida chekishning tarqalgani to‘g‘risidagi so‘nggi ko‘rsatkichlariga asoslangan prognozga ko‘ra, hozirda 2,8 million kashandalarning yarmidan ko‘pining hayoti xavf ostida qolmoqda.

Tadbirda tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”da berilgan vazifalarni og‘ishmay ijro etish, bu jarayonga keng jamoatchilik e’tiborini jalb qilishga kelishib olindi.

 

Abdulaziz Musayev, O‘zA