Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasida Yaponiya hukumatining “Iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot dasturi” doirasidagi granti asosida “O‘zbekistondagi yo‘l qurilishi va ta’miri uchun Yaponiya texnikalarini beg‘araz taqdim etish” bo‘yicha hukumatlararo hujjatga imzo chekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning 2017-yil 14-fevraldagi “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi A.Abduvaliyev, Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nobuaki Ito va boshqalar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar turli yo‘nalishlarda rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat o‘rtasida erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi.

Mazkur loyiha asosida Yaponiyaning “Sakai Heavy Industries Ltd” kompaniyasining yo‘l qurilishi va ta’mirlashga mo‘ljallangan texnikalari olib kelinadi. Bu texnikalarni asosan “Obod qishloq” dasturi doirasida Sirdaryo, Jizzax, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qishloq va ovullar ichki yo‘llarini ta’mirlashga jalb qilish ko‘zda tutilgan.

 

Davron Sunnatov, O‘zA